Jahon

Ilon Mask dunyoni tirbandliklardan xalos etmoqchi

Ilon Mask Las-Vegas yaqinida tunnellar tizimini qurishga ruxsat oldi. U deyarli 50 kilometr uzunlikdagi yerosti qatnov tarmog‘ini yaratmoqchi.

Ilon Mask dunyoni tirbandliklardan xalos etmoqchi

 

Bilamizki, tirband yo‘lda qolib ketgan haydovchi mushkul vaziyatdan chiqish uchun mashinasini yo “ko‘tarib” o‘tishi yoki “yerostiga olib tushishi” kerak bo‘ladi. Maskning g‘oyasi esa hozircha ikkinchi variantga to‘g‘ri keladi.

 

Tadbirkorning g‘oyasiga ko‘ra, “Vegas Loop” deb nomlangan tizim shahar aholisi va mehmonlariga “Tesla” avtomobillari yordamida yerostida harakatlanish imkonini beradi. Bu nafaqat yangi dunyo ochadi, shu bilan birga bugunning asosiy muammolaridan biri bo‘lgan yer usti transporti tirbandligini bartaraf etadi.  

 

Birinchi stansiya qurilishi bir necha oy ichida yakunlanishi kerak.

 

Mazkur loyiha aslida hazil tariqasida boshlangan edi. 2016 yil 17 dekabrda Ilon Mask o‘zining “Twitter”dagi sahifasida shahardagi tirbandlikdan taʼsirlanib: "...men tunnel burg‘ulash mashinasini yig‘aman va qazishni boshlayman" – deb yozadi.

 

Oradan biroz vaqt o‘tgach, odamlarni hayratlantirishdan charchamaydigan Mask mazkur ishni chindan ham boshlaganini eʼlon qiladi. Albatta, buning uchun alohida kompaniya ham tashkil qilinishi kerak edi va tashkil etiladi ham. Uning nomi “The Boring Company” bo‘lib, undagi “boring” so‘zi bir vaqtning o‘zida ham “zerikish”, ham “burg‘ulash” degan maʼnoni anglatadi. Bu esa yana-da ajablanarli edi. Milliarder bu nom bilan hazil bilan boshlanib chinga aylanib ketgan loyihaga ishora qilgandek bo‘ldi.

 

2017 yil fevral oyida “The Boring Company” mutaxassislari SpaceX ofisi hududida birinchi chuqurni burg‘ulashni boshlaydi.

 

Maʼlum qilinishicha, Mask bu joyni byurokratik rasmiyatchilikka berilmaslik uchun tanlagan. Yaʼni, mulkdor o‘z hovlisidan o‘ra qazishi uchun boshqalardan ruxsat so‘ramaydi. Mask ham aynan ana shu narsani nazarda tutib ilk qadamini o‘ziga tegishli hududni qazishdan boshladi.

 

Aslida "“The Boring Company” loyihasi elektromobillarga o‘tish yoki Marsda birinchi koloniya qurish g‘oyasi kabi texnologik va qiziqarli tuyulmasdi. Yerni qaziyverish ham kishini zeriktirib qo‘yadi. Eng yomoni tunnel elektr ulovga o‘xshab shaxsiy mulk emas, u barchaniki. Shuning uchun ham “homiy kerak” deyilganda ko‘pchilik bu loyihaga ergashavermadi. “The Boring Company”  2018 yildan boshlab marketing kompaniyalari yordamida odamlar eʼtiborini jalb qilishni maqsad qildi.

 

Albatta, reklama — mahsulotni tanishtirish hamda homiy topish uchun eng yaxshi qurol. Ayni shu maqsadda, oradan tez o‘tmay loyiha logotipi tushirilgan beysbol qalpoqlari sotila boshladi. Ular shunday xaridorgir chiqib qoldiki, hech qancha vaqt o‘tmay 50 ming donasi sotilib ketdi. Undan keyin “olov purkagich” “o‘yinchog‘i” ishlab chiqildi. Bu matohni yaratishdan asosiy maqsad tushunarsiz edi, biroq “o‘yinchoq” odamlarga yoqdi.

 

Ana shundan so‘ng “unutilgan” tunnel loyihasi kishilar eʼtiboriga tusha boshladi.

 

Maʼlumotlarga ko‘ra, tunnellar tarmog‘i 46 kilometrdan iborat bo‘ladi. Tizimda 51 ta stansiya barpo etiladi. Ular shahar tumanlaridan birida quriladi. Bunday tizimning yo‘lovchi tashish imkoniyati soatiga 57 ming kishini tashkil qilishi mumkin. Qurilish uch yil davom etadi.

 

Tunnel to‘liq elektrlashtiriladi. Unda harakatlanadigan ulovlar ham elektromobillardan iborat bo‘ladi. Tunnel korbonat angidrid chiqarmaydi. Shuningdek, tizim hozirgi umumiy transportlarga qaraganda juda kam energiya sarflaydi.

 

Bunday tunnellar “Hyperloop” deya atalib, unda kelgusida umumiy avtoulovlar o‘rniga kapsulalar harakatlanadi. Mask hozirda faqat xayolda bo‘lgan mazkur rejani taxminan o‘n yil oldin tasvirlab bergan edi.

 

Kashfiyotchi germetik bo‘shliqda katta tezlikda harakatlanadigan kapsulalarni o‘rnatishga umid qilgan, ammo hozircha bunday loyihani texnik cheklovlar tufayli amalga oshirish mumkin emas.

 

Ha, aytgancha, baʼzi  rasmiylar buni ahmoqona g‘oya deb biladi. Ularning nazdida, bu safsata, shuningdek, mislsiz pulni havoga sovurish hamda minglab insonlarni ovora qilishdan boshqa narsa emas.

 

Tunnel yaratilganda ham odamlar undan shunchaki sayohat qilish uchun foydalanishi mumkin. Chunki yer ustidan ko‘ra,  ko‘plar uchun  yerosti taksisidan foydalanish  qiziq. Biroq bu qatnovlarning kamayishi, tirbandliklarning yo‘qolishiga hech qanday taʼsir qilmaydi. 

 

“DDS Wireless” agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, Ilon Maskning mazkur loyihasi maʼlum bir shaharda muvaffaqiyatli bo‘lgan taqdirda ham tunnellarning shahar transport tizimiga taʼsiri ahamiyatsizligicha qoladi.

 

Har qanday yangi g‘oyani nafaqat amalga oshirish, balki uni qabul qilish ham oson kechmagan. Nachora vaqt — oliy hakam. Biz esa hayratlanishda davom etaveramiz. Loyihaning o‘xshashi yoki o‘xshamasligini esa vaqt ko‘rsatadi.

 

Olamgir Abdiyev

 

custom img

Sadir Japarov aholi punktlariga shaxslar nomini berishni taqiqladi

Qirgʻiziston prezidentining ta’kidlashicha, bunday masalalar jamiyatda bo‘linish va bahslarga sabab bo‘lmoqda.

custom img

Hormuz bo‘g‘ozidagi tanglik global oziq-ovqat inqiroziga olib kelishi mumkin — BMT

Bo‘g‘oz orqali yuk tashish tiklanmasa, yaqin oylar ichida oziq-ovqat narxlari keskin ko‘tarilishi mumkin.

custom img

O‘zbekiston fuqarolariag Germaniyadagi harbiy muzeyga kirish ta'qiqlandi

Shuningdek, Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Xitoy, Shimoliy Koreya va boshqa bir qator davlatlarga ham cheklov joriy etilgan.

custom img

Makron AQSh va Eronni Hormuz bo‘g‘ozini ochishga chaqirdi

Fransiya prezidenti shuningdek, Donald Tramp va Mas'ud Pezeshkianni Islomobodda to'xtatilgan muzokaralarni qayta boshlashga undadi.

custom img

AQSh va Eron yaqin kunlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tiklashi mumkin — Reuters

Manbalarga ko‘ra, Tehron muzokaralarning yangi bosqichiga tayyor, AQSh pozitsiyasi esa hali noma’lum.

custom img

Saudiya Arabistoni AQShdan Hormuz blokadasini bekor qilishni talab qildi

Saudiya rasmiylari vaziyat keskinlashganida Bab al-Mandeb bo‘g‘ozi ham xavf ostida qolishi mumkinligini bildirdi.

custom img

Xitoy tankeri AQSh blokadasiga qaramay Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tdi

Xitoy AQSHni Eron neftini olish uchun Hormuz bo‘g‘oziga o‘z tankerlarini yuborishda davom etishi haqida ogohlantirgan edi.

custom img

Eron arab davlatlaridan tovon puli talab qildi

Yaqin Sharq mamlakatlari AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushida ishtirok etib, xalqaro huquqni buzganlikda ayblanmoqda.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"