Sadir Japarov aholi punktlariga shaxslar nomini berishni taqiqladi
Qirgʻiziston prezidentining ta’kidlashicha, bunday masalalar jamiyatda bo‘linish va bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Sadir Japarov Qirgʻizistonda aholi punktlariga shaxslar nomini berish amaliyotini cheklash bo‘yicha qaror qabul qilinganini ma’lum qildi.
Bu haqda davlat rahbari Oʻsh viloyatining Oloy tumani aholisi bilan uchrashuv chog‘ida bildirib o‘tgan deydi 24.kg. Unga ko‘ra, bundan buyon qishloqlar va mahalliy boshqaruv hududlariga shaxslar nomini berish amaliyoti qo‘llanilmaydi.
Prezident bu qarorni mahalliy aholining bir qishloqqa Alymbek Datka nomini berish taklifi yuzasidan berilgan savolga javoban izohlagan. Japarovning ta’kidlashicha, bunday masalalar jamiyatda bo‘linish va bahslarga sabab bo‘lmoqda.
“Biz bu holatlarni avval ham ko‘p marta boshdan kechirganmiz. Shuning uchun aholi punktlari nomlari bo‘yicha tortishuvlarga yo‘l qo‘ymaslik zarur,” deya ta'kidlagan prezident.
Shuningdek, u tarixiy shaxslarning nomi allaqachon xalq xotirasida saqlanib qolishini, qishloqqa nom berish esa uning rivojlanishini belgilab bermasligini qayd etgan.
Ma’lumot uchun, Qirgʻizistonda aholi punktlariga shaxslar nomini berish amaliyoti tarixan keng tarqalgan bo‘lib, Sovet davrida bu davlat mafkurasining bir qismi sifatida shakllangan. Mustaqillikdan so‘ng esa tarixiy shaxslar nomini tiklash va ularni abadiylashtirish jarayoni kuchaygan.








