O‘zbekiston “World Content Market”da ilk bor milliy pavilyon bilan ishtirok etmoqda
Moskva shahridagi yirik media bozorda O‘zbekiston 500 dan ortiq film va seriallarni taqdim etmoqda.

Joriy yilda media va raqamli kontent sohasidagi nufuzli xalqaro tadbirlardan biri — World Content Market o‘z ishini boshladi. Mazkur platformada ilk bor O‘zbekiston milliy pavilyoni tashkil etilib, mamlakatning kontent ishlab chiqarish salohiyati xalqaro maydonda keng namoyish etilmoqda.
2008-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan ushbu yirik media bozor televideniye va raqamli kontentni yaratish, tarqatish, monetizatsiya qilish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilib keladi. Tadbir har yili dunyoning turli davlatlaridan media sohasi vakillarini bir maydonga jamlab, yangi loyihalar va hamkorlik imkoniyatlarini yaratadi.
Joriy yilgi tadbirda 20 ga yaqin davlatdan 1500 dan ortiq media mutaxassislari, 500 dan ziyod kompaniyalar ishtirok etmoqda. Shuningdek, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston, Rossiya, MDH davlatlari, Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarning milliy ekspozitsiyalari ham namoyish etilmoqda.
Ishtirokchilar orasida 150 dan ortiq telekanallar, 40 dan ziyod OTT platformalar va video-portallar, 200 dan ortiq kontent distribyutorlari, 100 dan ortiq prodyuserlar hamda ishlab chiqarish studiyalari mavjud.
O‘zbekiston milliy pavilyonida 10 dan ortiq xususiy kontent ishlab chiqaruvchilar tomonidan 500 dan ortiq o‘zbek badiiy filmlari va seriallari xalqaro xaridorlar e’tiboriga taqdim etilmoqda.
Mazkur pavilyon doirasida o‘zbek milliy kontentini xorijiy telekanallar va raqamli platformalarga olib chiqish, shuningdek eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, O‘zbekistonning ushbu xalqaro media maydondagi ilk milliy pavilyon bilan ishtiroki mamlakatda kontent sanoatini rivojlantirish, mahalliy ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zbek madaniy mahsulotlarini global bozorga olib chiqishda muhim strategik qadam bo‘lib xizmat qiladi.








