Korrupsiyani faqat sun’iy intellekt va raqamlashtirish yo‘q qiladi — Shavkat Mirziyoyev
Qurilish bilan bog‘liq arizalarning rad etilishiga korrupsiya sabab bo‘layotgani ma’lum qilindi.

O‘zbekistonda o‘tgan yili qurilish bilan bog‘liq 2,6 milliondan ortiq murojaatlarning qariyb uchdan biri rad etilgani ma’lum qilindi. Prezident bu holatni keskin tanqid qilib, rad etishlar ortida tizimli muammolar va korrupsiya alomatlari borligini ta’kidladi.
Davlat rahbari mas’ullar ko‘pincha arizalarni “kamchiligi bor” degan sabab bilan qaytarishini, biroq chuqur tahlil qilinsa, masal ko‘pligini, bu holat korrupsiya ekanini qayd etdi. Ushbu muammoga barham berishning asosiy yo‘li sifatida jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish va sun’iy intellektdan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, fuqarolar va tadbirkorlar qurilish ishlarini boshlash uchun avval loyihalashga ruxsat olish, so‘ng arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish uchun alohida-alohida murojaat qiladi. Bu esa ko‘p vaqt talab qilmoqda. Toshkent shahrida ushbu ikki xizmatni bir bosqichda ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilib, hujjatlarni kelishish muddati 3–4 barobarga qisqargan. Ushbu tajribani 1-iyuldan boshlab respublikaning barcha hududlarida joriy etish topshirildi.
Shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish tartibi ham soddalashtiriladi. Hozirda elektr, gaz, suv va kanalizatsiya tarmoqlariga ulanish uchun har bir tashkilotga alohida murojaat qilish talab etiladi. Yangi tizimga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab bitta ariza va yagona to‘lov asosida barcha kommunal xizmatlar bo‘yicha texnik shartlarni olish imkoniyati yaratiladi.
Yig‘ilishda hududlarda shaharsozlik kengashlariga a’zo 26 ta idora o‘rtasida yetarli hamkorlik yo‘qligi ham sansalorlikning asosiy sabablaridan biri sifatida ko‘rsatildi. Shu bois endilikda ushbu kengashlarga Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari shaxsan rahbarlik qilib, tadbirkorlarning masalalariga yakuniy yechim berishi belgilandi.
Bundan tashqari, “Shaffof qurilish” reyting tizimidagi ayrim kamchiliklar ham qayd etildi. Xususan, quruvchilarning lizing asosida olingan texnikalari hisobga olinmayotgani tanqid qilindi. Ushbu texnikalar inobatga olinsa, kamida 500 ta korxonaning reytingi oshib, umumiy qiymati 17 trillion so‘mlik bozorga kirish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Qurilish vazirligiga lizing texnikalari bo‘yicha elektron baza yaratib, uni “Shaffof qurilish” tizimiga integratsiya qilish topshirildi.
Shuningdek, pudrat tashkilotlari uchun chet eldan yiliga faqat bitta maxsus texnika olib kirish bo‘yicha amaldagi cheklovni bekor qilish zarurligi qayd etildi.
Umuman olganda, mutasaddilarga uch oy muddatda qurilishga ruxsat olishdan tortib, obyektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qayta ko‘rib chiqish, talablar, muddatlar va to‘lovlarni kamida ikki barobarga qisqartirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.








