O‘zbekistonda qurilish hajmi 9 yilda 10 baravardan oshdi
Soha va unga yondosh tarmoqlarda 3,5 million nafar aholi bandligi ta’minlangan.

Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan qurilish sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘nggi yillarda erishilgan natijalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, so‘nggi to‘qqiz yil ichida O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi o‘n baravardan ziyod oshib, 2016-yildagi 30 trillion so‘mdan 2025-yilda 314 trillion so‘mga yetgan.
Tadbirda respublika va hududlardan 500 dan ortiq developer, quruvchi, loyihachi, arxitektor hamda urbanistlar ishtirok etdi. Davlat rahbari iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini ta’minlashda qurilish sohasining o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladi.
So‘nggi yillarda sohada sezilarli tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, 10 mingga yaqin yangi qurilish korxonalari faoliyat boshladi. Aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 20 ta, 100 milliard so‘mdan ortiq 365 ta yirik kompaniyalar shakllandi. Loyiha tashkilotlari soni 2 mingdan oshib, ulardan 650 dan ziyodi xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Shuningdek, qurilish jarayonlarida ruxsat berish bosqichlari 3 baravar, muddatlari esa 4 baravar qisqartirildi. 420 ta shaharsozlik norma va qoidalari optimallashtirilib, 140 ta yangi standartlar tasdiqlandi.
Natijada, o‘tgan davrda umumiy maydoni 210 million kvadrat metr bo‘lgan bino-inshootlar, 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar barpo etildi.
Bugungi kunda qurilish, qurilish materiallari ishlab chiqarish va unga yondosh sohalarda 3,5 million nafar aholi bandligi ta’minlangan.








