“Shakar yemang, asal yeng”: Surxondaryo viloyati hokimining gapi muhokamalarga sabab bo‘ldi
Mazkur holat yuzasidan viloyat hokimi matbuot kotibi rasmiy munosabat bildirdi.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning odamlar tonnalab shakar yeyotgani haqidagi videosi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Viloyat hokimi matbuot kotibi Murodbek Davlatov vaziyat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 11-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda maktabgacha ta’lim muassasalari, shifoxonalar, sportchilar va harbiy qismlarga oziq-ovqat yetkazib beruvchi korxonalar faoliyati muhokama qilinib, yig‘ilishda viloyat hokimi tomonidan mas’ullar va ta’minotchi korxonalar rahbarlariga shakar o‘rniga tabiiy asal va mevalardan olingan mahsulotlardan kengroq foydalanish bo‘yicha berilgan tavsiyalar noto‘g‘ri talqin qilingan holda tarqatilgan.
“Kechagina olimni olib kelib, shakarning zararini o‘rgattirdim. Hamma tonnalab shakar yeyapti. Biz hozir 1000 tonna shakarning Surxondaryodagi importini qisqartirsak, shakarning bozordagi narxi arzon bo‘ladi. Nima uchun 3000 tonna asal ishlab chiqaryapmiz? Nega, asal yemaymiz biz?”, degan hokim tarqalgan videoda.
Xabarlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hokimning gaplariga turlicha munosabat bildirgan. Ayrimlar asal shakardan qimmatligi, ayni damda 1 kilo toza asal puliga 8-10 kilo shakar berishini aytgan.
Matbuot kotibi hokimning tavsiyalari, avvalo, bolalar, bemorlar, sportchilar va harbiy xizmatchilar salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom ovqatlanishni keng joriy etish, shuningdek, hududda yetarli miqdorda mavjud bo‘lgan asal va boshqa tabiiy mahsulotlardan samarali foydalanish maqsadida bildirilganini qayd etgan. Shu bilan birga, shakarning inson salomatligiga salbiy ta’siri ilmiy jihatdan asoslangani alohida ta’kidlangan.
Shu munosabat bilan hokimlik matbuot kotibi ayrim kanal va sahifa adminlaridan ma’lumotlarni umumiy mazmundan uzib olib, noto‘g‘ri talqin qilgan holda tarqatmasliklarini so‘ragan.








