Toshkent viloyati tog‘larida yo‘qolgan 4 yoshli bola topildi
Bolaning oila a’zolari uni tog‘ tepasida uni unutib qoldirgan.

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida tog‘ hududida yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola qutqaruvchilar tomonidan sog‘-salomat holda topildi. Bu haqda FVV xabar berdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 13-aprel kuni sodir bo‘lgan. Olti kishidan iborat oila dam olish maqsadida tog‘ga yo‘l olgan. Sayr davomida ular taxminan soat 17:00 atrofida tog‘ cho‘qqisidagi qorlarni ko‘rish uchun yuqoriga ko‘tarilgan.
Ma’lum qilinishicha, aynan shu jarayonda kattalar bolani tog‘da unutib qoldirib, pastga tushib ketgan. Bolaning yo‘qligi oradan qariyb 40 daqiqa o‘tgach aniqlangan.
Shundan so‘ng bolaning yaqinlari zudlik bilan FVV navbatchilik qismiga murojaat qilgan. Qidiruv ishlariga Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qidiruv-qutqaruv guruhlari hamda “Qamchiq” maxsus qutqaruv boshqarmasi xodimlari jalb etilgan.
Qidiruv-qutqaruv ishlari 6,5 soatdan ortiq davom etgan. Natijada, 14-aprel kuni soat 00:20 da bola Olmaliq maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tomonidan topilgan.
Qutqaruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, bola ota-onasi uni qoldirib ketgan joydan taxminan 3 kilometr uzoqlikda aniqlangan. U topilgan vaqtda tizzasigacha qor ichida jim turgan holatda bo‘lgan.
Bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, yaqinlariga topshirilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi ekani ma’lum qilindi.








