O‘zbekistonda poraxo‘rlar uchun muddatidan oldin ozodlik bekor qilinishi mumkin
Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, zarar qoplanmasa, poraxo‘rlar shartli ravishda ozod etilmaydi.

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari doirasida poraxo‘rlik va moliyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikni qat’iylashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bilan pora olish, pora berish, vositachilik qilish, shuningdek, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda firibgarlik jinoyatlari uchun hukm qilingan shaxslarni, agar ular yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan bo‘lsa, jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilishni cheklash taklif etilmoqda.
Shuningdek, ushbu norma takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, yoxud juda ko‘p miqdorda sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar uchun ham tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda.
Qonun loyihasida korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish va himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish ham nazarda tutilgan. Xususan, bunday shaxslarga nisbatan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini oldindan xabardor etmasdan turib intizomiy jazo choralarini qo‘llash taqiqlanishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, mansab mavqeidan foydalanib sodir etilgan o‘zlashtirish, rastrata va firibgarlik jinoyatlari uchun javobgarlik choralarini yanada og‘irlashtirish ko‘zda tutilgan.
Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun yuqori palataga yuborilgan.








