Sirdaryoda sudya va bank xodimi 7500 AQSh dollar pora bilan qo‘lga tushdi
Sudya tadbirkor bilan bog‘liq fuqarolik ishini uning foydasiga hal qilib berish evaziga pul talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Prokuratura organlari va Sudyalar oliy kengashi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sirdaryo viloyatida korrupsion holat fosh etildi. Bu haqda DXX Zamon.uzga xabar berdi.
Tadbir davomida Guliston shahrida faoliyat yurituvchi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi hamda Agrobank ATB Guliston filiali mansabdor xodimi tomonidan sodir etilgan noqonuniy harakatlarga chek qo‘yildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, sudya o‘z yurituvida bo‘lgan, tadbirkor tomonidan qurilgan ko‘p qavatli bino bo‘yicha kasatsiya tartibida ko‘rilayotgan ishni uning foydasiga hal qilish evaziga o'zining yaqin aloqasi bo'lgan Agrobank mansabdori bilan til biriktirib, undan 7500 AQSh dollari talab qilgan.
Kelishuvga ko‘ra, bank xodimi 5500 AQSh dollarini qabul qilib olgan va sud qarori tadbirkor foydasiga e’lon qilinganidan so‘ng, 3600 AQSh dollarini sudyaga topshirayotgan vaqtida ular tezkor tadbir davomida ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.








