Saudiya Arabistoni AQShdan Hormuz blokadasini bekor qilishni talab qildi
Saudiya rasmiylari vaziyat keskinlashganida Bab al-Mandeb bo‘g‘ozi ham xavf ostida qolishi mumkinligini bildirdi.

Saudiya Arabistoni AQShdan Hormuz bo‘g‘ozida joriy etilgan blokadani bekor qilishni hamda Eron bilan muzokaralarni qayta tiklashni talab qilmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal manbalarga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Ar-Riyod AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan qabul qilingan qaror mintaqadagi keskinlikni kuchaytirishi mumkinligidan xavotirda. Saudiya tomoni, ayniqsa, ushbu choralar Eron tomonidan javob reaksiyasini keltirib chiqarib, global yuk tashish yo‘llariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimolini yuqori baholamoqda.
Shuningdek, vaziyat keskinlashgan taqdirda, yana bir strategik yo‘lak — Bab al-Mandeb bo‘g‘ozi ham xavf ostida qolishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni hozirda neft eksportini muqobil yo‘llar orqali, xususan cho‘l hududlari orqali Qizil dengizga yetkazib, urushdan oldingi darajaga yaqinlashtirishga erishgan. Biroq mutaxassislar bu yechim uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlamasligini qayd etmoqda.
Nashrga ko‘ra, Bab al-Mandeb bo‘g‘ozi atrofidagi ayrim hududlar Husiylar harakati nazorati ostida bo‘lib, ular ushbu yo‘lak orqali o‘tuvchi kemalar xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Saudiya manbalari husiylar bilan ma’lum darajada kelishuvga erishilganini bildirgan bo‘lsa-da, vaziyat beqarorligicha qolayotgani ta’kidlanmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, agar mintaqadagi bosim kuchaysa, husiylar mojaro jarayonida faolroq ishtirok etishi yoki hatto dengiz yo‘laklaridan foydalanish uchun to‘lov joriy etishi ehtimoli mavjud.








