Jahon

Xitoy tankeri AQSh blokadasiga qaramay Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tdi

Xitoy AQSHni Eron neftini olish uchun Hormuz bo‘g‘oziga o‘z tankerlarini yuborishda davom etishi haqida ogohlantirgan edi.

Xitoy tankeri AQSh blokadasiga qaramay Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tdi

Xitoyga tegishli “Rich Starry” tankeri AQSh tomonidan e’lon qilingan dengiz blokadasiga qaramay Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tib ketdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, “Rich Starry” tankeri avval “Full Star” nomi bilan tanilgan. 2023-yilda u Tehronga energetika sanksiyalarini chetlab o‘tishda yordam bergani uchun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

 

Bloomberg bu tankerning so‘nggi bir sutka ichida Fors ko‘rfazidan chiqishga bo‘lgan ikkinchi urinishi ekanini yozgan. AQSh blokadasi kuchga kirgan paytda kema Eronning Keshm oroli yaqinidagi tor hudud tomon yo‘l olgan, biroq keyinchalik yo‘nalishini o‘zgartirgan. Bir necha soatdan so‘ng esa yana harakatni davom ettirib, o‘zining Xitoyga tegishli ekani va ekipaji xitoyliklardan iboratligini bildiruvchi signal uzatgan.

 

MarineTraffic ma’lumotlariga ko‘ra, tanker Malavi bayrog‘i ostida harakatlangan. Biroq ushbu davlat rasmiylari mamlakatda kemalar bo‘yicha rasmiy reyestr mavjud emasligini ma’lum qilgan.

 

Shu bilan birga, “Elpis” nomli yana bir kema ham AQSh blokadasi boshlanishi bilan bir vaqtda Hormuz bo‘g‘ozidan Ummon qo‘ltig‘iga kirgan. 

 

 AQSh va Eron delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar natijasiz yakunlangach, Donald Trump AQSh harbiy-dengiz kuchlari “Hormuz bo‘g‘oziga kirayotgan yoki undan chiqayotgan barcha kemalarni istisnosiz bloklashni boshlashini” e’lon qilgandi.

 

Keyinchalik AQSh Markaziy qo‘mondonligi ushbu bayonotga aniqlik kiritib, blokada asosan Eron portlariga yo‘l olayotgan kemalarga nisbatan qo‘llanishini bildirgan. Boshqa davlatlar portlariga qatnayotgan va qaytayotgan kemalarning Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanishiga to‘sqinlik qilinmasligi ta’kidlangan.

 

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Yi dushanba kuni Pekinda BAA prezidentining Xitoy bo‘yicha maxsus elchisi Xaldun Xalifa al-Muborak bilan uchrashuvda Hormuz bo‘g‘ozining blokadasi xalqaro hamjamiyatning umumiy manfaatlariga zid ekanini aytgan.

 

Xitoy AQSHni Trampning qamalini e’tiborsiz qoldirishi va Eron neftini olish uchun Hormuz bo‘g‘oziga o‘z tankerlarini yuborishda davom etishi haqida ogohlantirgan.

 

Pekin, shuningdek, Vashingtonga savdo kemalari faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bildirgan. 

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"