Eron arab davlatlaridan tovon puli talab qildi
Yaqin Sharq mamlakatlari AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushida ishtirok etib, xalqaro huquqni buzganlikda ayblanmoqda.

Eron BMT orqali Yaqin Sharqdagi bir qator davlatlardan kompensatsiya talab qildi. Bu haqda mamlakatning BMTdagi vakili Amir Sayid Iravoniy ma’lum qildi, deya xabar bermoqda AP.
Iravoniyning ta’kidlashicha, mazkur davlatlar AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlarida ishtirok etgan va shu orqali xalqaro huquqni buzgan.
Eron davlat OAVlari tovon talab qilingan davlatlar qatoriga Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Iordaniya kirishini yozmoqda.
IRNA tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Iravoniy ushbu davlatlar Eron Islom Respublikasiga yetkazilgan barcha moddiy va ma’naviy zararlar uchun to‘liq kompensatsiya to‘lashi shart ekanini bildirgan.
Hozircha mazkur talablar xalqaro sudlarga kiritilgani yoki amaliy jarayon boshlangani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.
Avvalroq AQSH ma’muriyati ham Eronga qarshi harbiy operatsiya xarajatlarini arab davlatlari hisobidan qoplamoqchi ekani haqida xabar berilgandi.








