Toshkentda IIO xodimi 50 ming dollar porani olmadi
Noqonuniy kazino tarmog‘i bo‘yicha tergov vaqtida gumondor jinoiy javobgarlikdan qochish uchun pora bermoqchi bo‘lgan.

Toshkent shahrida kriptovalyutadan foydalangan holda noqonuniy qimor o‘yinlarini tashkil etish bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, mazkur guruh xorijiy onlayn kazino platformalarini boshqarish, kriptovalyuta orqali noqonuniy mablag‘ aylantirish hamda ularni legallashtirish bilan shug‘ullangan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida asosiy gumondorlardan biri jinoiy javobgarlikdan qochish maqsadida IIO xodimiga 50 ming AQSh dollari miqdorida pora taklif qilgan.
Qayd etilishicha, ichki ishlar organi xodimi gumondorni bunday harakatlarning noqonuniyligi haqida ogohlantirgan. Shunga qaramay, gumondor o‘z urinishini davom ettirgan.
Shundan so‘ng mazkur holat yuzasidan rahbariyatga xabar berilgan va tezkor tadbir o‘tkazilgan. Natijada gumondor pul mablag‘larini topshirayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.








