O‘zbekistonda mobil raqamni boshqa shaxs nomiga o‘tkazish soddalashtirildi
Yangi xizmat orqali foydalanuvchilar raqamni onlayn tarzda boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkin.

O‘zbekistonda mobil telefon raqamini boshqa shaxs nomiga o‘tkazish bo‘yicha yangi onlayn xizmat ishga tushirildi. Endilikda foydalanuvchilar SIM-karta egasini almashtirish uchun mobil operator ofislariga shaxsan tashrif buyurishi shart emas.
Mazkur xizmat orqali butun jarayon my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda MyGov mobil ilovasi orqali masofadan turib elektron shaklda amalga oshiriladi.
Avval mobil raqam egasini o‘zgartirish uchun amaldagi abonent va yangi foydalanuvchi operator ofisiga birgalikda borishi, hujjatlarni rasmiylashtirishi va navbat kutishi talab etilar edi. Endilikda ushbu xizmat to‘liq raqamlashtirildi.
Xizmatdan foydalanish uchun foydalanuvchilar my.gov.uz portali yoki MyGov mobil ilovasiga kirib, “Mobil raqam o‘tkazish” xizmatini tanlashi hamda arizani elektron tarzda to‘ldirishi lozim.
Shuningdek, tranzaksiyani yakunlash uchun amaldagi va yangi egalar tomonidan MyID identifikatsiya tizimi orqali tasdiqlash talab etiladi.
Ma’lum qilinishicha, yangi xizmat barcha mobil aloqa operatorlarida bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Hozirda ushbu imkoniyat Beeline, Mobiuz va Uztelecom abonentlari uchun mavjud.
Xizmat narxi mobil operatorlarning ichki tarif siyosatiga muvofiq belgilanadi. Ayrim operatorlarda esa yaqin qarindoshlar o‘rtasida raqamni o‘tkazish bepul amalga oshirilmoqda.








