“Ko’p san’atkorlar savodsizligini ko’rsatib qo’ydi” - Ozodbek Nazarbekov
Madaniyat vaziri san’atkorlarning soliq to’lashi haqida munosabat bildirdi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov san’atkorlarning soliq to‘lash tartibi va bu borada jamoatchilikda yuzaga kelgan muhokamalar yuzasidan munosabat bildirdi.
Vazirning ta’kidlashicha, san’atkorlar uchun alohida “soliq to'lamayapti” degan holat mavjud emas va ular amaldagi soliq qonunchiligiga muvofiq barcha tegishli to‘lovlarni amalga oshirib kelmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘y, konsert va boshqa ijodiy faoliyatdan olinadigan daromadlar ham umumiy tartibda soliqqa tortiladi.
Shuningdek, u so‘nggi vaqtlarda san’at vakillarining soliq tizimi yuzasidan bildirgan ayrim fikrlariga munosabat bildirib, bu masalada noto‘g‘ri tushuncha va turli talqinlar mavjudligini qayd etdi. Vazirning aytishicha, san’atkorlarning o‘zlari ham amalda soliq to‘layotgan bo‘lsa-da, bu jarayonning huquqiy asoslari va mexanizmlari ba’zan noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.
“Birinchidan, muhokama qilinayotgan loyiha hali tasdiqlangani yo‘q. Mana shu band o‘rtaga chiqqanda ham juda ko‘p san’atkorlar yuzini ko‘rsatib qo‘ydi kimliginiki, birinchidan savodsizligini ko‘rsatib qo‘ydi. Umuman soliq haqida hech qanaqa bilimga ega emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Ikkinchidan, san’atkorlar allaqachon soliq to‘lab kelmoqda. Ular to‘lamayapti degan fikrlar asossiz. Masala soliq to‘lash yoki to‘lamaslikda emas, balki amaldagi tizimning qanchalik samarali va sog‘lom ekanidadir”, — dedi vazir.
Vazir shuningdek, soliqning davlat hayotidagi o‘rni haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, soliqlar orqali davlat byudjeti shakllantiriladi va bu mablag‘lar hisobidan ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma hamda ijtimoiy himoya tizimlari moliyalashtiriladi.
“Soliq to‘lamaydigan hech kim yo‘q. Har bir kasb vakili, jumladan san’atkorlar ham bu tizimning bir qismi”, — dedi Ozodbek Nazarbekov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlar, tinchlik va ijtimoiy barqarorlik ham aynan soliq tushumlari hisobiga ta’minlanadi.








