Rossiya Oʻzbekistonga ilk milliy kosmonavtni tayyorlashda yordam beradi
Rossiya Hukumati Oʻzbekistonning kosmik sohadagi rejalarini qo‘llab-quvvatlashini va bu yo‘nalishda o‘z tajribasini taqdim etishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Rossiya Oʻzbekistonning birinchi milliy kosmonavtini tayyorlash, uni Yer orbitasiga yuborish hamda mamlakatning ilk sun’iy yo‘ldoshini kosmosga uchirish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov jurnalistlarga bergan bayonotida ma’lum qildi deydi TASS.
Uning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tgan yil oxirida birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash, uni past Yer orbitasiga yuborish va ilk sun’iy yo‘ldoshni uchirish bo‘yicha yirik maqsadlar belgilangan.
Denis Manturov Oʻzbekiston Rossiyaning strategik hamkori ekanini qayd etib, ushbu rejalarni Moskva tomoni olqishlashi hamda ularni amalga oshirishda mavjud tajriba va ilmiy-texnik salohiyatni safarbar etishga tayyor ekanini ta’kidlagan.
Shuningdek, u Rossiya hozirda MDH, Osiyo, Afrika va Yaqin Sharqning bir qator davlatlari bilan kosmonavtlarni boshqariladigan parvozlarga tayyorlash, aloqa yo‘ldoshlari hamda Yerni masofadan zondlash texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ma’lum qilgan.








