“YEROSTIGAZ” AJ tomonidan korxonadan asossiz 2,8 mlrd so‘m mablag‘ olingani aniqlandi
Tarifni deklaratsiyasiz oshirish holati yuzasidan AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilgan o‘rganishlar natijasida “YEROSTIGAZ” AJ tomonidan asossiz ravishda olingan qariyb 2,8 mlrd so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini yakuniy isteʼmolchiga qayta hisob-kitob qilish belgilandi.
Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Angren shahrida faoliyat yurituvchi “ANGREN ISSIQLIK ELEKTR STANSIYASI” AJning murojaati o‘rganib chiqilgan.
O‘tkazilgan tahlil va o‘rganishlar davomida “YEROSTIGAZ” AJ tomonidan “ANGREN ISSIQLIK ELEKTR STANSIYASI” AJga yetkazib berilgan gaz uchun 2024 yil fevral oyida amalda bo‘lishi lozim bo‘lgan 135 969 so‘m tarif narxi o‘rniga belgilangan tartibda deklaratsiya qilinmasdan oshirilgan 265 536 so‘m tarif qo‘llangani aniqlangan. Natijada 1,8 mlrd so‘mdan ortiq, shuningdek mart oyida 12 kun davomida qariyb 1 mlrd so‘m miqdorida, jami hisobda qariyb 2,8 mlrd so‘m asossiz pul mablag‘lari olinganligi maʼlum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan“YEROSTIGAZ” AJga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 239-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari buzilishi alomatlari bilan ish qo‘zg‘atildi. Ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra, moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda asossiz hisoblangan qariyb 2,8 mlrd so‘m mablag‘larni yakuniy isteʼmolchiga qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha belgilangan tartibda bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Hozirgi kunda mazkur ish sud tartibida ko‘rib chiqilmoqda.







