Misrda vafot etgan O‘zbekiston fuqarosining jasadi vatanga qaytarildi
Elchixona diplomatlari tomonidan mahrumning yaqinlariga aviakompaniya bilan bog‘liq va dafn marosimlari kabi tashkiliy masalalarni hal qilishda yordam berildi.

Misrda yurak xuruji oqibatida vafot etgan 38 yoshli O‘zbekiston fuqarosining jasadi vatanga qaytarildi.
“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi xodimlari tomonidan marhum B.A.ning jasadini O‘zbekistonga olib kelish ishlari tashkil etilgan.
Diplomatik missiya maʼlumotiga ko‘ra, fojia haqida xabar olingach, zudlik bilan Misrning tegishli vakolatli organlari bilan aloqalar o‘rnatilib, zarur hujjatlar qisqa muddatlarda rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, elchixona diplomatlari marhumning Misr hududidagi yaqinlariga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatib, aviakompaniya bilan bog‘liq tashkiliy masalalar hamda dafn marosimiga oid jarayonlarni muvofiqlashtirishda ko‘maklashgan.
Oila aʼzolarining xohish-istaklariga muvofiq, marhumning jasadi milliy anʼanalarga rioya etilgan holda o‘z vatanida dafn etish uchun O‘zbekistonga yuborilgan.







