Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoda sumalak saylida ishtirok etdi
Davlat rahbari Jarqo‘rg‘on tumanida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massiviga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan qurilish va ijtimoiy infratuzilma loyihalari bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jarqoʻrgʻon tumanida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivini borib koʻrdi.

Mamlakatda aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, zamonaviy va shinam turar joylar barpo etish, hududlarni kompleks rivojlantirish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Davlat rahbarining 2021-yil 12-oktabrdagi farmoniga muvofiq “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish hamda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida cho‘l hududini o‘zlashtirish hisobiga barpo etilayotgan mazkur massivning umumiy 50 gektar maydonida 116 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Hozirga qadar hududda poliklinika, 180 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi, 330 o‘rinli maktab hamda mahalla binosi foydalanishga topshirilgan. 68 ta ko‘p qavatli uyda joylashgan 1,5 mingga yaqin xonadonga aholi ko‘chib kirgan.

Shuningdek, massiv hududida axborot texnologiyalari va xorijiy tillar o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, 7 ta mikromarkaz hamda 5 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilgan. Muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ham bosqichma-bosqich rivojlantirilib, ichimlik suvi, issiqlik tarmoqlari, qariyb 3 kilometr gaz quvuri tortilgan, 250 kilovattli transformator o‘rnatilgan. Hududni obodonlashtirish doirasida 4,5 gektar maydonga manzarali va mevali daraxtlar ekilgan, dasht hududidagi 300 gektar yerga saksovul o‘simliklari ekilgan.
Kelgusida massivda yana qariyb 50 ta ko‘p qavatli uy qurilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, joriy yilda qo‘shimcha 14 ta, ya’ni 280 xonadonli uy-joy, yangi yo‘llar, keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari hamda istirohat bog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan.
Tashrif davomida davlat rahbari hududda faoliyat yuritayotgan “Yangi yoshlar” boshqaruv servis kompaniyasining faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur kompaniya tumandagi 161 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatib, shundan 54 tasi aynan ushbu massiv hududida joylashgan. Ko‘p qavatli uylarning tom qismiga quvvati 5–15 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgani energiya tejamkorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Prezident massivdagi 66-maktabda yaratilgan shart-sharoitlarni ham ko‘zdan kechirdi. Maktabda 500 dan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda hamda inklyuziv ta’lim tamoyillari asosida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun zarur imkoniyatlar yaratilgan. Ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlar joriy etilgan bo‘lib, 50 ga yaqin mutaxassis va pedagoglar faoliyat yuritmoqda. O‘quv xonalari, yo‘laklar, sport zali, ovqatlanish va muolaja xonalari zamonaviy talablar asosida jihozlangan.
Davlat rahbari ta’lim tizimida sun’iy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishlarini rivojlantirish muhimligini alohida ta’kidlab, o‘quvchilarni kelajak kasblariga tayyorlash masalasi ustuvor ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Shundan so‘ng xorijiy tillar va axborot texnologiyalari o‘quv markazi faoliyati bilan tanishildi. 6,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan, 400 o‘rinli mazkur majmua yiliga 2 mingdan ortiq yoshlarning ta’lim olishi va innovatsion loyihalar ustida ishlashi uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Markazda yuzlab o‘quvchilar kompyuter savodxonligi, dasturlashning “front-end” yo‘nalishlari bo‘yicha bilim olib, sertifikatga ega bo‘lgan, ko‘plab yoshlar xalqaro IELTS imtihonlarida yuqori natijalarga erishgan.







