O'zbekiston

Toshkent viloyatida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruhlar fosh etildi

So‘nggi 40 kun ichida Zangiota tumanida narkotik moddalar bilan bog‘liq 16 ta jinoyat aniqlangan.

Toshkent viloyatida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruhlar fosh etildi

 

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Zangiota tumanini poytaxt hududlari misolida xavfsiz va jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, shuningdek giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish maqsadida qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

 

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida, xususan, Yakkasaroy tumanida yashovchi 22 yoshli fuqaro 26 dona kuchli ta’sir qiluvchi giyohvand moddalarni taxminiy xaridorga 2 million so‘mga sotayotgan vaqtida fosh etildi. Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Shuningdek, Sergeli, Quyichirchiq, Qibray hamda Mirzo Ulug‘bek tumanlarida tezkor tadbirlar izchil davom ettirilib, 26 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan uch nafar erkak va ikki nafar ayol yuqoridagi shaxsga dori-darmon vositalarini yetkazib berayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

 

Tezkor harakatlar natijasida to‘rt kun ichida jami olti kishidan iborat giyohvand moddalar savdosi zanjiri fosh etildi. Ulardan turli o‘lcham va turdagi 98 dona kuchli ta’sir qiluvchi giyohvand moddalar hamda 135 gramm gashish musodara qilinib, protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

 

Bundan tashqari, Zangiota tumanida aniqlangan yana bir holatda, 1993-yilda tug‘ilgan, Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro 1181 dona psixotrop preparatni taxminiy xaridorga 30 million so‘mga sotishga uringan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

 

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi 40 kun davomida Zangiota tumanida giyohvand moddalar va psixotrop vositalar bilan bog‘liq jami 16 ta jinoyat holati aniqlanib, ikkita uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga to‘liq chek qo‘yilgan.

 

Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida noqonuniy muomaladan 1 kilogramm turli xil giyohvand moddalar, 1371 dona kuchli ta’sir qiluvchi giyohvand vositalar hamda 2000 dozaga teng 400 gramm sintetik giyohvand moddalar musodara qilindi.

 

Mazkur yo‘nalishda tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlar izchil ravishda davom ettirilmoqda.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"