Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi 11 yilga qamaldi
Mansab vakolatini suiiste’mol qilish va pora olish bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi e’lon qilindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudi tomonidan e’lon qilingan hukmga muvofiq, Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan M.X. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “b”, “v”, “g” bandlari (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 206-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 210-moddasi 3-qismi “a” bandi (pora olish) hamda 229-4-moddasi 2-qismi “a” bandida (yer berish tartibini buzish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, Sharof Rashidov tumani hokimligining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan N.I. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 28, 210-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Sud hukmiga ko‘ra, M.X. ga 3 yil muddatga hokimiyat va davlat boshqaruvi organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgar lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdorida jarima jazosi hamda 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
N .I. ga esa 2 yil muddatga hokimiyat va davlat boshqaruvi organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgar lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Sudlanuvchilar tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazolarini umumiy tartibli jazoni ijro etish koloniyalarida o‘tashi belgilandi.
Shu bilan birga, birinchi instansiya sudi hukmi ustidan taraflar qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish hamda protest keltirish huquqiga ega ekani ma’lum qilindi.







