O'zbekiston

Farg'onadagi bog'chada zaharlangan bolalarning 22 nafari sog'aydi

Mazkur bolalar hozirda ambulator kuzatuv ostiga olingan.

Farg'onadagi bog'chada zaharlangan bolalarning 22 nafari sog'aydi

 

Farg‘ona viloyatida maktabgacha ta’lim tashkiloti yoshidagi bolalar o‘rtasida qayd etilgan ommaviy zaharlanish holati yuzasidan davolash va tekshiruv ishlari davom etmoqda.

 

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 25-fevral soat 08:00 holatiga ko‘ra, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda Farg‘ona shahar bolalar shifoxonasida davolanayotgan 22 nafar bolaning sog‘ligi yaxshilangani sababli ular uyiga javob berilgan. Mazkur bolalar hozirda ambulator kuzatuv ostiga olingan.

 

Shifoxonalarda davolanayotgan qolgan bemorlarning umumiy ahvoli mutaxassislar tomonidan nisbatan qoniqarli deb baholanmoqda. Tibbiyot xodimlari tomonidan ularning sog‘lig‘i doimiy nazoratga olingan bo‘lib, kun yakuniga qadar yana bir necha nafar bolani uyiga javob berish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

 

Holat yuzasidan sanitariya-epidemiologik xizmat va boshqa tegishli mutasaddi idoralar tomonidan keng qamrovli o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari oshxonalari hamda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi korxonalarda tekshiruvlar tashkil etilib, zarur laboratoriya namunalari olinib tahlilga yuborilgan.

 

Mutaxassislar tomonidan olingan laboratoriya tahlillari natijalari 10 kun muddat ichida jamoatchilikka rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.

 

Holat tegishli idoralar tomonidan belgilangan tartibda o‘rganilmoqda.

 

Eslatib o'tamiz, avvalroq Farg'ona viloyatida bog'cha yoshidagi bolalarning ommaviy zaharlanishi qayd etilgani va jinoyat ishi ochilgani haqida xabar berilgan edi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"