O'zbekiston

Yakshanba mutolaasi: Kibr soyasida so‘ngan yog‘du

Zamon.uz O‘tkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi” qissasini tavsiya etadi.

Yakshanba mutolaasi: Kibr soyasida so‘ngan yog‘du

 

Yozuvchining o‘zi taʼkidlaganidek, kitobxonsiz asar egasiz hovliga o‘xshaydi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning asarlariga kitobga oshno o‘quvchi nuqtayi nazaridan boqadigan bo‘lsak ham, ushbu fikrlarning qanchalar rost ekaniga amin bo‘lamiz. Yaʼni yozuvchining ijod maʼnodagi hovlisi o‘quvchilar bilan hamisha gavjum. Yozuvchining odamlar qalbiga kirib borgan asarlaridan biri — “Bahor qaytmaydi”.

 

Asar, asosan, uchta personaj — Alimardon, Anvar va Muqaddam bilan bog‘liq syujetlar zanjiriga quriladi.

 

Alimardon — eng avvalo kibrli, o‘ylamay ish qiladigan, lekin mehnatkash, isteʼdodli, farosatli. Anvar — sodda, ishonuvchan, uyatchan yigit. Alimardonni do‘sti deb o‘ylaydi yoki shunga o‘zini ishontiradi. Bunday do‘stlikka hayotda kamdan-kam odam rozi bo‘ladi, chunki odam o‘zini hurmat qilgan inson bilangina do‘st tutinadi.

 

Muqaddam haqida biror aniq to‘xtamga kelishdan avval adibning ushbu obrazga qanday yuklama berganidan xabardor bo‘lish joiz. Ushbu o‘rinda asarni tahlil qilish jarayonida badiiy asar va u uchun ishlangan filmni solishtirmaslik maqsadga muvofiqdir. Chunki qaysidir maʼnoda film ijodkori asarga yechim bo‘la oladigan jihatlarni har doim ham zangori ekranda aks ettirolmaydi. Muqaddam obrazini ham ayni shu nuqtayi nazardan tahlil qilish kerak.

 

“Bahor qaytmaydi” asarini 60-70 yillar adabiyotida adashgan odamning fojiasini aks ettirgan o‘nlab asarlarning eng sarasi deyish mumkin. Adib qissada isteʼdodli, biroq isteʼdodi qadriga yetmagan, ulug‘ maqsadlardan mahrum xudbin yigitning tanazzul tarixini, ruhiy-maʼnaviy inqirozini  tahlil etib beradiki, ana shu tasvir odamlar ichki olamining ko‘zgusi bo‘la oldi, ko‘plarni hayajonga soldi. Qissa matnida boshdan oyoq muallifning o‘ta nozik va nafis kuzatishlari, yozuvchi qalbi tebranishlari, rang-barang kechinmalari, zavq-shavqi, armon-o‘kinchlari, qisqasi, xilma-xil tuyg‘ular nafasi ufurib yotibdi.

 

Har bir yozuvchining o‘z uslubi bo‘lganidek, O‘tkir Hoshimov asarlarida nafosat tuyg‘usi ustuvorlik qiladi. Hatto u aldangan odamning maʼnaviy inqirozi, fojiasi, halokati tasvirida ham shu tuyg‘uni saqlab qoladi. Ayniqsa, u yaxshi, olijanob, maʼnaviy barkamol shaxslar qalbi, tabiati tasvirida qalamiga nihoyatda erkinlik beradi. Ehtimol, yozuvchi asarlarini oshufta etgan omillardan biri ham shu bo‘lsa ajab emas. O‘tkir Hoshimov hayotning shafqatsiz haqiqatini shafqatsiz, dag‘al bo‘yoqlarda ifoda etmaydi, aksincha, bu bilan nafis ohang orqali ham insonni isloh qilishga undaydigan asarlar bitish mumkinligini isbotlaydi. Adabiyotda badiiy tafakkur, ifoda tarzi qanchalar rang-barang bo‘lsa, shuncha yaxshi.

 

Alimardonni nima halokatga yetakladi? Axir u isteʼdodli qo‘shiqchi, el ardog‘idagi sanʼatkor, hamma narsasi yetarli inson edi. Bu KIBR edi. Shu kibr har doim aqlidan, ko‘nglidan g‘olib kelaverdi. Tuzatish mumkin bo‘lgan vaziyatlarda uning kibri hamma narsani barbod qildi.

 

Mana qissa xotimasidan kichik bir parcha, asar bosh qahramoni Alimardon halokatidan keyingi tabiat manzarasi tasviri:

 

“Negadir shu oqshom oftob juda qiynalib botdi. Ufq etagida osilib turdida, sekin-asta yer ostiga cho‘kib ketdi.

 

Yana bir necha kundan keyin yayrab-yashnab bahor keldi... Saxiy ko‘klam ko‘plar qatori Alimardonning ham qabrini burkadi. Maysalar orasida ochilgan bittagina qizg‘aldoq tong shudringiga qadah tutdi. Erta-indin to‘kilib ketishi, o‘zidan na muattar bo‘y, na meva qolishidan bexabar yal-yal yondi...”

 

Bu so‘nggi satrlar adadsiz alam-o‘kinchlar, ko‘z yoshlar bilan qog‘ozga tushgani shundoqqina ayon. Qahramonning dafn kunida, o‘sha motamsaro oqshom payti quyoshning qiynalib botishi, ufq etagida uzoq osilib turishi, so‘ng umidsiz alpozda sekin-sekin yer ostiga botib ketishida dillarni xun qiladigan, ko‘zlarga yosh keltiradigan mungli ohang bor.

 

Hammayoqni nurga, rangga bezagan, maysalarga burkangan saxiy ko‘klam, qahramon qabri ustida yal-yal yongan qizg‘aldoq, uning omonat umri xususidagi nafosat to‘la mungli tasvir bir dam yashnab, erta xazon bo‘lgan inson umri haqidagi xazin qo‘shiqning so‘nggi nidolari, tuganmas titroqlari kabi eshitiladi.

custom img

Sirdaryoda sudya va bank xodimi 7500 AQSh dollar pora bilan qo‘lga tushdi

Sudya tadbirkor bilan bog‘liq fuqarolik ishini uning foydasiga hal qilib berish evaziga pul talab qilgan.

custom img

O‘zbekiston “World Content Market”da ilk bor milliy pavilyon bilan ishtirok etmoqda

Moskva shahridagi yirik media bozorda O‘zbekiston 500 dan ortiq film va seriallarni taqdim etmoqda.

custom img

O‘zbekistonda qurilish hajmi 9 yilda 10 baravardan oshdi

Soha va unga yondosh tarmoqlarda 3,5 million nafar aholi bandligi ta’minlangan.

custom img

O‘zbekistonda poraxo‘rlar uchun muddatidan oldin ozodlik bekor qilinishi mumkin

Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, zarar qoplanmasa, poraxo‘rlar shartli ravishda ozod etilmaydi.

custom img

Korrupsiyani faqat sun’iy intellekt va raqamlashtirish yo‘q qiladi — Shavkat Mirziyoyev

Qurilish bilan bog‘liq arizalarning rad etilishiga korrupsiya sabab bo‘layotgani ma’lum qilindi.

custom img

Yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha arizalarni inson omilisiz, onlayn ko‘rib chiqish tizimi joriy etiladi

Shavkat Mirziyoyev raisligida uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

custom img

Andijonda fuqaro quduqda qolib ketdi

Fuqaro 14 metr chuqurlikda havo yetishmasligi oqibatida pastda qolib ketgan. U qutqaruvchilar tomonidan yuqoriga olib chiqilgan.

custom img

“Shakar yemang, asal yeng”: Surxondaryo viloyati hokimining gapi muhokamalarga sabab bo‘ldi

Mazkur holat yuzasidan viloyat hokimi matbuot kotibi rasmiy munosabat bildirdi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"