O'zbekiston

Boburiylar sulolasi qay tariqa tugatilgan?

Zamon.uz sulolaning so‘nggi hukmdori va hokimiyatning inglizlarga boy berilishiga oid maʼlumotlarni taqdim etadi.

Boburiylar sulolasi qay tariqa tugatilgan?

 

Boburiylar sulolasining o‘n to‘qqizinchi hukmdori, Bobur va Humoyunning avlodi Bahodir Shoh II sulolaning so‘nggi hukmdori sifatida tarixga kirgan. U 1775 yilda tug‘ilgan. Bahodir Shoh II 1837 yilda taxtga o‘tirgan vaqtida 62 yoshda edi. Inglizlar Dehlini deyarli 35 yil davomida qamal qilgan. Mustamlakachilar to‘satdan jiddiy harakatlar qilmaslikka qaror qilishadi. Shuning uchun rasmiy ravishda Boburiylar hukmronligi davom etadi. Bahodir Shoh II Sharqiy Hindiston kompaniyasining moliyaviy ko‘magida yashab, butun vaqtini diniy urf-odatlarga bag‘ishlagan. U so‘fiy edi, shuningdek, sheʼrlar yozgan, shoirlar va musiqachilar tanlovlarini o‘tkazgan. Zamondoshlari uning o‘tkir aqli, sheʼriy isteʼdodi, xattotlik sanʼati, ilmiy suhbatlariga qoyil qolishgan.

 

Boburiylar imperiyasining so‘nggi hukmdori haqida batafsil maʼlumotlarga ega bo‘lish uchun boburshunos olim Botirali Yo‘ldoshev bilan suhbat uyushtirdik.

 

— Assalom alaykum Botirali aka. Boburiylar sulolasi qay tariqa tugatilgandi? Inglizlarning hukumat tepasiga kelishi qanday kechgan?

 

— 1857 yil 19 may kuni “Sipohiylar” qo‘zg‘oloni boshlanadi. Sababi inglizlar musulmon va hindlardan tashkil topgan sipohiylarning diniy anʼanalarini oyoq osti qilishadi. Aynan Bahodir Shoh II ni isyonchilar o‘zlarining rasmiy rahbari bo‘lishga daʼvat etishadi. Chunki ular faqat hukmdorning o‘zi turli diniy eʼtiqodli va turli g‘oyalarga ega odamlarni birlashtirishga yordam berishini bilishadi. 82 yoshli podshoh uchun bu jiddiy qaror bo‘lgani aniq. Ayni vaqtgacha tarixchilar bu hukmdor uchun qanchalik ixtiyoriy yoki majburiy bo‘lgani haqida bahslashmoqda. Shundan so‘ng qo‘zg‘olonga Bahodir Shoh IIboshchilik qilgani, uning o‘g‘illari esa qo‘zg‘olonchilarga qo‘mondon bo‘lganligi to‘g‘risida maxsus bayonot eʼlon qilinadi. Biroq mazkur qo‘zg‘olon inglizlar tomonidan shafqatsizlarcha bostiriladi. Bahodir Shoh II ning ikki o‘g‘li va bir nabirasi asirga olinib, qatl etiladi. Bundan tashqari, ingliz mayori Uilyam Xodson o‘ziga xos sovg‘a sifatida 82 yoshli hukmdorga o‘g‘illarining boshlarini yuboradi. Bahodir Shoh II esa inglizlarga taslim bo‘lishga majbur bo‘ladi. Qo‘zg‘olon natijasida inglizlar hatto o‘zining zaif holatida ham Bahodir Shoh II ularga tahdid sola olishi va mustamlakachilikka qarshi kurashchilarni birlashtiruvchi yo‘lboshchi bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini tushunib yetishadi.

 

Shu sababli, qo‘zg‘olonchilar qirg‘in qilinganidan so‘ng Boburiylar imperiyasi tugatiladi.

 

— Sulola nimani hisobiga hokimiyatni qo‘ldan boy bergan edi?

 

Boburiylar davlati nima sababdan tanazzulga uchragani borasida juda ko‘plab fikrlar bor. Akademik Sabohat Azimjonova G‘azna va Movarounnahrdan askarlarning yetib bormaganini bitta sabab qilib ko‘rsatadi. Lekin o‘sha vaqtga kelib hukumatda boshqaruv tizimi ham ancha kuchsizlanib qolgandi. Yaʼni bu paytda ulkan Hindiston yarimorolidagi imperiya juda ko‘plab davlatlarga bo‘linib ketgandi. Ularning orasida esa o‘zaro hech qanday ittifoq mavjud bo‘lmagan.

 

— Hukmdorning keyingi taqdiri? Inglizlar unga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishadi?

 

So‘nggi Boburiy hukmdorning hayoti juda ham ayanchli kechadi. “Sipohiylar” qo‘zg‘oloni bostirilgandan so‘ng inglizlar yangi qonunlar asosida sud o‘tkazadi. Unda Bahodir Shoh II ni butun umrga Hindistondan surgun qilish bo‘yicha qaror qabul qilinadi. Shu tariqa Bahodir Shoh II ni Hindistonning chekka hududlaridan birida joylashgan Rangun shahriga surgun qilishadi. Rangun podshoh surgun qilinishidan besh yil oldin inglizlar tomonidan bunyod etilgan shahar edi. Mustamlakachilar shaharni noldan tiklashadi. Suvlar, ko‘llar va botqoqlikdan iborat bo‘lgan qishloq o‘rnida o‘sha yillar uchun zamonaviy infratuzilmaga ega yangi yirik port shahrini barpo etishadi. Yangi Rangunga esa yangi odamlar kerak edi. Shu tariqa bu yerga ko‘plab musulmon diniga mansub aholi ko‘chirib kelinadi.

 

Shundan so‘ng podshoh Magara harbiy kemasida Kalkuttadan Rangunga olib kelinadi. Unga rafiqasi Zenat Mahal va ikki o‘g‘li — 17 yoshli Mirza Jevan Bxat va 13 yoshli Mirza Shoh Abbos hamrohlik qilgan. Zamonaviy tarixchi va jamoat arbobi Tan Myin Uning yozishicha, hukmdor Bahodir Shoh II Rangunga yolg‘iz o‘zi yetib bormagan. Uning ortidan yana o‘nlab saroy ayonlari va xizmatkorlari kelishgan. Ularning ko‘pchiligi Rangunga kelib, qo‘nim topgan vatandoshlari yashaydigan ko‘chaga joylashishgan. Ingliz kapitani Nelson Devisning qarori bilan hukmdorning oilasi va yangi kelganlarga 4 ta kichik xona ajratiladi. Bundan tashqari, ularga to‘rtta hind xizmatkori tayinlanadi. Bu sharoitlar qamoqxona sharoitidan unchalik farq qilmasdi. Uyda qalam, siyoh va qog‘oz bo‘lishi qatʼiyan man etilgan. Muhim tomoni taxtdan ag‘darilgan podshoh oilasining tashqi dunyo bilan barcha aloqalari cheklanadi. 1862 yilning oktyabr oyida 87 yoshli hukmdorning sog‘lig‘i yomonlashadi. U deyarli ovqat yemay qo‘yadi. 6 noyabr kuni kapitan Devis Bahodir Shoh II endi tuzalmasligiga ishonch hosil qilib, uning uyi yaqinidagi hududda dafn qilish joyini tashkil qilish uchun ohaktosh va g‘isht tayyorlashni buyuradi. Boburiylar sulolasining oxirgi hukmdori shu tariqa ertasi kuni ertalab vafot etadi. U Islom dini anʼanalariga muvofiq dafn etiladi. Bahodir Shoh II ning Rangunda vafot etgani bir necha kundan keyin maʼlum qilinadi.

 

— Boburiylar sulolasining so‘nggi hukmdori Bahodir Shoh II avlodlarining keyingi hayoti qanday kechadi?

 

Hukmdorning ayoli Zenat Mahal yana yigirma yilga yaqin umr ko‘rgan. 1867 yilga kelib Bahodir Shoh II ning oilasiga bo‘lgan hibsga olish tartibi yumshatiladi. Shundan so‘ng oila aʼzolariga boshqa joylarda ham yashashga ruxsat beriladi. Podshohning katta o‘g‘li va uning rafiqasi tez orada yangi uyga ko‘chib o‘tishadi. Zenat Mahal esa umrini yolg‘izlikda o‘tkazib, 1882 yilda vafot etadi. Uni dafn qilish vaqtida esa hech kim marhum erining qabri qayerdaligini aniqlay olmaydi. Shuning uchun u Bahodir Shoh II bilan birga yashagan joydagi bir daraxtning yoniga dafn etilgan. Ikki yil o‘tgach, Mirza Jevan Bxatning 42 yoshli o‘g‘li insultdan vafot etadi va u ham shu joy yaqiniga dafn qilinadi. U yerdagi so‘nggi qabr hukmdorning nabirasi Raunak Zamaniga tegishli hisoblanadi. Bahodir Shoh II oilasida nisbatan farovon hayot kechirgan deb Mirzo Shoh Abbosning kenja o‘g‘lini aytish mumkin. U mahalliy musulmon savdogarining qiziga uylanadi va 65 yoshda vafot etadi. Uning avlodlari hali ham Rangunda yashaydi.

 

Jamshidbek Amirov

 

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"