Hormuz bo‘g‘ozida mina tozalash ishlari uch baravar tezlashtirildi — Tramp
AQSh prezidenti ushbu jarayonni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar bergan.

Donald Trampning topshiriqlariga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozida minalardan tozalash ishlari uch baravargacha jadallashtirildi. AQSh prezidentining ushbu bayonoti Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh harbiy-dengiz kuchlariga bo‘g‘oz hududida minalarni joylashtirishga uringan har qanday kemaga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish, jumladan, ularni yo‘q qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Trampning ta’kidlashicha, mina tozalash ishlarini olib borish sur’ati sezilarli darajada oshirilgan va operatsiya odatdagidan uch baravar tezroq amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, u ushbu jarayonni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriq berganini bildirgan.
Avvalroq Pentagon mutaxassislari Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq minalardan tozalash ishlari kamida olti oy davom etishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.








