Prezident Shavkat Mirziyoyev Bog‘imaydon mahallasidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi
Mahallada 70 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritmoqda, natijada 1 048 nafar yoshdan 949 nafarining bandligi ta’minlangan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Bog‘imaydon mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Mamlakatimizda mahallalar infratuzilmasini zamonaviy asosda rivojlantirish, aholiga qulay va munosib yashash sharoitlarini yaratish hamda “Yangi O‘zbekiston” qiyofasini joylarda keng tatbiq etish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
2026-yil 16-fevralda qabul qilingan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar mahallalarni kompleks rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Bog‘imaydon mahallasi bugungi kunda olib borilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida zamonaviy va obod hududga aylangan. 1987-yilda tashkil etilgan ushbu mahallada 41 ta ko‘p qavatli uy, 1 990 ta xonadon mavjud bo‘lib, qariyb 5,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Hududda aholining farovon yashashi uchun zarur infratuzilma tizimli ravishda shakllantirilgan. Jumladan, 20 ta bolalar o‘yingohi, 11 ta sport va vorkaut maydonchasi, 3 ta mini-futbol maydoni hamda tennis korti barpo etilgan. Shuningdek, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida 500 ga yaqin bola ta’lim-tarbiya bilan qamrab olingan.
Mahallada iqtisodiy faollikni oshirish va bandlikni ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Bugungi kunda 70 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritmoqda. Natijada 1 048 nafar yoshdan 949 nafarining bandligi ta’minlangan.
Hududda ekologik barqarorlikni mustahkamlash maqsadida 2022-yilda ekobog‘ tashkil etilgan bo‘lib, unda 4,5 ming tupga yaqin daraxt parvarish qilinmoqda.
Bundan tashqari, mahallada aholi uchun “Nuroniylar maskani” ham faoliyat yuritib, ijtimoiy muhitni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Davlat rahbari xavfsiz muhitni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdi. Turar joylar kirish qismlariga zamonaviy kuzatuv kameralari o‘rnatilib, hududga kirish-chiqish jarayonlari raqamli texnologiyalar asosida nazorat qilinmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalla faollari va nuroniylar bilan suhbatda obod va barqaror mahalla jamiyat tayanchi ekanini ta’kidladi hamda tinchlik, hamjihatlik va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash muhimligini qayd etdi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari sumalak saylida ishtirok etib, mahalla aholisi va bolalar bilan muloqot qildi. Sport maydonchasida yoshlar bilan uchrashuvda sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollikning barkamol avlodni tarbiyalashdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.








