Buxoroda yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchi 10 sutkaga qamaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video o‘rganilib, qoidabuzar haydovchiga chora ko‘rildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video yuzasidan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi JXX Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Mazkur videotasvirda aks etgan holat fuqarolarning keng muhokamasiga sabab bo‘lgan. O‘rganishlar natijasida qoidalarni buzgan haydovchining shaxsi aniqlanib, unga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rildi.
Qoidabuzar haydovchining transport vositasi vaqtincha jarima maydoniga joylashtirildi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128⁵-moddasi hamda 183-moddasi asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Mazkur ish materiallari Buxoro shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga ko‘ra, haydovchiga 128⁵-modda ikkinchi qismi bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida (4 120 000 so‘m) jarima jazosi tayinlandi.
Shuningdek, 183-modda bo‘yicha 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilandi. Yakuniy qarorga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasiga muvofiq 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi uzil-kesil tayinlandi.








