Eron AQSh va Isroil tahdidlariga javob qaytarishga tayyorligini bildirdi
Tashqi ishlar vazirligi vakili mamlakat harakatlari qonuniy mudofaa huquqi doirasida ekanini bildirdi.

Eron AQSh va Isroil tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday tahdid va tajovuzlarga qarshi zarur choralarni ko‘rishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Bag‘ayi bayonot berdi deydi TASS. Uning ta’kidlashicha, Tehron mojaroning tashabbuskori bo‘lmagan va Eron tomonidan amalga oshirilayotgan barcha harakatlar xalqaro huquq doirasida o‘zini himoya qilishga qaratilgan.
“Eron bu majburiy urushni boshlamagan. Mamlakatning barcha harakatlari harbiy tajovuzga qarshi qonuniy mudofaa huquqini amalga oshirishga qaratilgan”, — dedi vazirlik vakili.
Shuningdek, Bag‘ayi Eron qurolli kuchlari yuqori jangovar shay holatda ekanini va mamlakat hududiy yaxlitligi hamda milliy xavfsizligini har qanday tahdiddan qat’iy himoya qilishga tayyorligini ta’kidlagan.
Rasmiy bayonotda Eron jang maydoni va siyosiy jarayonlardagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotgani, milliy manfaatlarni himoya qilish bo‘yicha barcha zarur qarorlar qabul qilinishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi haftalarda AQSh va Eron o‘rtasida vaqtinchalik sulh, shuningdek, Islomobodda muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi.








