Buyuk Britaniya Parlamenti yoshlar uchun chekishni umrbod taqiqlovchi qarorni ma’qulladi
Hujjat tamaki mahsulotlari tarkibi, ta’mi va qadoqlanishini ham nazorat qilish vakolatini beradi.

Buyuk Britaniya parlamentining ikkala palatasi ham yoshlar o‘rtasida chekishning oldini olishga qaratilgan yangi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2009-yil 1-yanvar yoki undan keyin tug‘ilgan fuqarolarga tamaki mahsulotlari hamda elektron sigaretalarni sotish umrbod taqiqlanadi.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, “Veyp va sigaretalar to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirishi uchun endilikda qirol Charlz III tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Qonun loyihasi nafaqat savdoni taqiqlashni, balki hukumatga tamaki mahsulotlari, elektron sigaretalar va boshqa nikotin mahsulotlari tarkibini qat’iy nazorat qilish vakolatini ham beradi. Jumladan, mahsulotlarning ta’mi, dizayni va qadoqlanishi bo‘yicha yangi talablar joriy etilishi mumkin.
Rasmiylarga ko‘ra, mazkur tashabbusning asosiy maqsadi kelajakda “chekishsiz avlod”ni shakllantirish, yoshlar orasida nikotinga qaramlikning oldini olish va sog‘liqni saqlash tizimiga tushadigan yukni kamaytirishdan iborat.
Qonun loyihasi dastlab 2023-yilda muhokamaga kiritilgan edi. Unda chekish yoshi har yili bosqichma-bosqich oshirib borilishi nazarda tutilgan bo‘lib, uzoq muddatda taqiq jamiyatning keng qatlamlariga tatbiq etilishi rejalashtirilgan.








