AQSHda 11 nafar olim sirli tarzda yo‘qoldi
Maxfiy ilmiy ishlar bilan shug‘ullangan olimlar o‘lgan bo‘lishi mumkin.

AQSH Kongressi maxfiy ma’lumotlarga kirish imkoniga ega bo‘lgan olim va mutaxassislarning sirli o‘limi hamda yo‘qolishlari yuzasidan tekshiruv boshladi. Bu haqda "Izvestiya" xabar berdi.
Kongressmenlar Jeyms Komer va Erik Berlinson Energetika vazirligi, Pentagon, FBR va NASA'ga rasmiy so‘rov yuborib, maxfiy ilmiy ma’lumotlar bilan ishlagan xodimlar bilan bog‘liq barcha holatlar bo‘yicha ma’lumot taqdim etishni talab qildi. Nazorat qo‘mitasi a’zolari bunday voqealar milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Kongress, shuningdek, davlat sirlariga ega shaxslarni himoya qilish choralari bo‘yicha brifing o‘tkazishni talab qilgan. Kongressmen Tim Byorchettning fikricha, amaldorlar va olimlar bilan bog‘liq o‘limlar tasodifiy emas va ayrim ma’lumotlar jamoatchilikni larzaga solishi mumkin.
Oq uy ma’lum qilishicha, prezident Donald Tramp holatni shaxsan nazoratga olgan. Ma’muriyat FBR bilan hamkorlikda barcha faktlarni tekshirmoqda. Matbuot kotibi Kerolayn Livittga ko‘ra, tekshiruv doirasida “biror jihat e’tibordan chetda qoldirilmaydi”.
Fox News ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yildan buyon yadroviy fizika va kosmos sohalariga oid kamida 11 nafar mutaxassisning o‘limi yoki yo‘qolishi qayd etilgan.
Ushbu ro‘yxatdagi asosiy shaxslardan biri AQSH Harbiy-havo kuchlari generali Uilyam Makkaslend bo‘lib, u ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga rahbarlik qilgan va o‘ta maxfiy ma’lumotlar egasi hisoblangan. Uning qayerdaligi joriy yil fevral oyidan beri noma’lum.
Ular orasida NASA xodimi Monika Xasinto Reza, pudratchi Stiven Garsiya, astrofizik Karla Grillmayer va MIT fizigi Nunu Loureyro bor. Shuningdek, NASA reaktiv harakat laboratoriyasi xodimi Frenk Mayvaldning o‘limi haqida ham xabar qilingan.
Ayniqsa, 2022-yilda antigravitatsiyani o‘rgangan 34 yoshli Emi Eskridjning o‘limi tergovchilar e’tiborini tortgan. Rasman o‘z joniga qasd qilish deb baholangan ushbu holat atrofida shubhalar saqlanib qolmoqda.
FBRning sobiq rasmiylaridan biri Kristofer Sveker bunday voqealar ortida xorijiy davlatlar operatsiyalari bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.
Ayni paytda tekshiruv ishlari davom etmoqda.








