Tramp Eron bilan kelishuv imzolanishida ishtirok etishi mumkin — Reuters
Muzokaralarning navbatdagi bosqichi 22-aprelga rejalashtirilgan.

Reuters agentligi manbalariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh va Eron o‘rtasida ehtimoliy tinchlik kelishuvi imzolanish marosimida shaxsan yoki onlayn formatda ishtirok etishi mumkin.
Agentlik xabarida ta’kidlanishicha, Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralar davom etmoqda hamda navbatdagi uchrashuv 22-aprel kuniga rejalashtirilgan.
Manbalarga ko‘ra, jarayon bo‘yicha muhim siljishlar kuzatilmoqda.
The Wall Street Journal va Axios nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, ikki davlat muzokaralarning navbatdagi bosqichi uchun Pokistonga delegatsiyalar yuborishga kelishib olgan.
Avvalroq AQSh va Eron delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi 11-aprel kuni Islomobod shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Uchrashuv qariyb 24 soat davom etgan.
AQSh delegatsiyasiga vitse-prezident J.D. Vens boshchilik qilgan bo‘lsa, Eron tomoniga parlament raisi Muhammad Bagher G‘olibaf hamda tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi vakillik qilgan.







