Apple kompaniyasi rahbari o‘zgaradi
Mazkur xabar ortidan Apple aksiyalarida pasayish kuzatildi.

Texnologiya giganti Apple kompaniyasi 2026 yil 1 sentabrdan boshlab bosh ijrochi direktor lavozimiga Jon Ternus tayinlanishini e’lon qildi. Hozirgi CEO, 15 yildan buyon kompaniyani boshqarib kelayotgan Tim Kuk esa ijrochi rais lavozimiga o‘tadi.
Kompaniya bayonotiga ko‘ra, Ternus ayni paytda Apple’da apparat vositalari ishlab chiqish bo‘yicha katta vitse-prezident sifatida faoliyat yuritmoqda. U yangi lavozimda kompaniyaning strategik rivoji va mahsulot siyosatini boshqaradi.
Tim Kuk o‘z bayonotida Apple’ni boshqarish uning hayotidagi eng katta sharaf bo‘lganini ta’kidladi. U 2011 yilda kompaniya asoschilaridan biri Stiv Jobs o‘rnini egallagan edi.
Rahbariyat almashinuvi haqidagi xabar fond bozori savdolari yakunlangach e’lon qilindi. Postmarket savdolarida Apple aksiyalari 0,86 foizga pasayib, bir dona uchun 270,7 dollarni tashkil etdi.
Avvalroq Financial Times nashri kompaniya 2026 yilning birinchi yarmida yangi CEO haqida e’lon qilishi mumkinligini yozgan edi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu qaror yangi rahbarga kompaniyaning asosiy yillik tadbirlari — iyundagi ishlab chiquvchilar konferensiyasi va sentabrdagi iPhone taqdimotiga tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, Tim Kuk 1998 yildan buyon Apple’da ishlab keladi. Kuk bosh direktor lavozimida ishlagan davrda Apple kompaniyasining bozor kapitali 2011-yildagi taxminan 350 milliard dollardan 2026-yil 20-aprel holatiga ko‘ra 4 trillion dollardan oshdi.








