Rossiya armiyasiga yollangan o‘zbekistonliklar soni qariyb 4,9 mingga yetdi
Markaziy Osiyo davlatlarining 13 mingga yaqin fuqarosi Ukrainaga qarshi urushda Rossiya tomonida ishtirok etmoqda.

2026-yil holatiga ko‘ra, Ukrainaga tegishli “Xochu jit”(Yashashni xohlayman) loyihasi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan va Rossiya armiyasi safida jang qilgan yoki qilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarining 12 666 nafari bo‘yicha shaxsiy ma’lumotlarga egaligini ma’lum qildi. Bu ma’lumotlar “Ukraina — Markaziy Osiyo” so‘roviga javoban taqdim etilgan.
Rossiya safida ro‘yxatga olingan askarlarning eng ko‘pi O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi. Loyiha mamlakatning 4 853 nafar fuqarosi shaxsini aniqlagan.
Shuningdek, Rossiya harbiy kuchlarida 3 407 nafar Tojikiston fuqarosi, 2 389 nafar Qozog‘iston fuqarosi yollanma jangchi sifatida xizmat qilayotgani aniqlangan.
To‘rtinchi o‘rinda Qirg‘iziston - kamida 1439 nafar. Eng kam ko‘rsatkich Turkmaniston fuqarolari orasida qayd etilgan - 578 nafar.
"2025-yil bahor va yoz oylarida “Xochu jit” loyihasi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga jalb etilgan Markaziy Osiyo fuqarolarining ism-shariflari keltirilgan ro‘yxatlarni e’lon qilgan edi. O‘sha paytda loyiha xodimlarida 5 740 nafar yollanma jangchi haqida ma’lumot mavjud bo‘lgan. Shunday qilib, aniqlangan shaxslar soni ikki barobardan ko‘proqqa oshgan", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksiga muvofiq, chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish javobgarlikka sabab bo‘ladi.








