Isroil bosh vaziri Vengriyaga borsa hibsga olinadi
Vengriya Xalqaro jinoiy sud a’zosi sifatida qidiruvdagi shaxs mamlakat hududiga kirsa, uni qo‘lga olishi mumkin.

Vengriya bosh vaziri lavozimini egallashi kutilayotgan Peter Madyar mamlakatning Xalqaro jinoiy sud (XJS) dan chiqish jarayonini to‘xtatishini ma’lum qildi. Bu haqda Point.md xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu jarayon avval amaldagi bosh vazir Viktor Orban tomonidan boshlangan.
Madyar “Tisa” hukumati ushbu jarayonni to‘xtatishini va Vengriyaning XJS a’zosi sifatida qolishini ta’minlashga qat’iy bel bog‘laganini bildirdi.
U Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu masalasiga izoh berar ekan: “Agar mamlakat XJS a’zosi bo‘lsa va uning hududiga qidiruvda bo‘lgan shaxs kirsa, u albatta hibsga olinishi kerak”, dedi.
Madyar bu pozitsiyani Isroil bosh vaziriga ochiq yetkazganini va “hech narsani yashirmaganini” ta’kidladi.
Avvalroq Isroilning Vengriyadagi elchisi Maya Kadosh Madyar Netanyahuni telefon orqali Vengriyaga taklif qilganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Netanyahu va Madyar “iliq suhbat” o‘tkazgan va Isroil bosh vaziri taklifni qabul qilgan.
Madyar esa jurnalistlarga izoh berib, saylovdagi g‘alabadan so‘ng muloqot qilgan “barcha davlat rahbarlarini” 1956 yilgi inqilobning 70 yilligiga taklif qilganini bildirdi.
2024 yil noyabr oyida Xalqaro jinoiy sud Netanyaxu va o‘sha paytdagi Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallantni G‘azo sektoridagi harbiy jinoyatlarda ayblab, ularni hibsga olish bo‘yicha order chiqargan edi.
Shundan bir kun o‘tib, Viktor Orban Netanyaxuni Vengriyaga taklif qilib, u hibsga olinmasligiga kafolat bergan va XJS qarorini “beandisha, ikkiyuzlama va mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atagan. Netanyaxu 2025 yil aprel oyida Vengriyaga tashrif buyurgan.
2026 yil aprel oyida Orban ma’muriyati Vengriyaning XJS yurisdiksiyasidan chiqish jarayoni boshlanganini ma’lum qilgan. Iyun oyida esa mamlakat BMT bosh kotibiga chiqish bo‘yicha rasmiy bildirishnoma yuborgan.
12 aprel kuni Vengriyada o‘tkazilgan parlament saylovlarida Peter Madyar boshchiligidagi “Tisa” partiyasi g‘alaba qozonib, konstitutsion ko‘pchilikni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, 16 yil davomida bosh vazir bo‘lgan Viktor Orbanni ushbu lavozimni tark etadi.








