Toshkentda yo‘llarni ta’mirlash uchun 14 milliard so‘m ajratiladi
Mablag‘lar hokimlik huzuridagi shaharni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.

Toshkent shahrida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 14 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqovning 17-aprel kungi qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, mablag‘lar hokimlik huzuridagi shaharni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi. Ular markaziy ko‘chalarni saqlash va ta’mirlashga ixtisoslashgan boshqarma hamda tuman obodonlashtirish boshqarmalari orqali yo‘naltiriladi.
Ajratilgan mablag‘lar poytaxtning barcha tumanlari o‘rtasida teng taqsimlanadi. Jumladan, Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Olmazor, Shayxontohur, Yashnobod, Chilonzor, Uchtepa, Yunusobod, Yakkasaroy va Yangihayot tumanlarining har biriga 1 milliard so‘mdan ajratilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, markaziy ko‘chalarni saqlash va ta’mirlashga ixtisoslashgan boshqarma uchun qo‘shimcha 2 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Hujjatda ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini ta’minlash hamda bajarilgan ishlar yuzasidan Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi va hokimlikka muntazam hisobot berib borish belgilangan. Moliyalashtirish va nazorat ishlari tegishli idoralar zimmasiga yuklatilgan.
Qaror ijrosi ustidan nazorat poytaxt hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov zimmasiga yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida yo‘llarni ta’mirlash ishlari uchun 12 milliard so‘m ajratilgan edi.








