Rossiyaga kirayotgan va undan chiqayotgan shaxslarning gadjetlari tekshirilishi mumkin
Talablarga rioya etmaganlar jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosiga tortiladi.

Rossiyada davlat chegarasidan o‘tishda nazorat tartiblari kuchaytirildi. Bu “Rossiya Federatsiyasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi federal qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirgani bilan bog‘liq, deya xabar bermoqda“Vesti” nashri.
Yangi tartibga ko‘ra, chegara xizmati xodimlariga shaxslar va transport vositalarini tekshirish bo‘yicha kengaytirilgan vakolatlar berildi. Endilikda mamlakatga kirayotgan va undan chiqayotgan fuqarolarning mobil telefonlari, planshetlari, noutbuklari va boshqa elektron qurilmalari ham ko‘zdan kechirilishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, agar davlat chegarasi rejimini buzish yoki taqiqlangan buyumlarni noqonuniy olib o‘tish holatlariga shubha tug‘ilsa, chegara xodimlari qurilmalarni taqdim etishni talab qilish hamda ularning ichida saqlangan ma’lumotlarni vizual tekshiruvdan o‘tkazish huquqiga ega.
Qonunchilik talablariga rioya etmaslik 5 mingdan 7 ming rublgacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi bilan yakunlanishi mumkin.
Rasmiylarga ko‘ra, mazkur choralar terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, kontrabanda va noqonuniy migratsiyani cheklash hamda davlat chegarasi xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan.








