Eron Hormuz bo'g'ozi ochilganini e'lon qildi
Kemalar Isroil va Livan o'rtasidagi sulh tugagunga qadar bo'g'ozdan Eron bilan kelishilgan yo'nalish bo'ylab o'tishiga ruxsat beriladi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Hormuz bo‘g‘ozi barcha tijorat kemalari uchun ochiq ekanini rasman e’lon qildi.
Vazirning ma’lum qilishicha, mazkur qaror joriy etilgan Isroil va Livan o'rtasidagi sulh kelishuvlari doirasida qabul qilingan bo‘lib, bo‘g‘oz orqali kemalar harakati vaqtinchalik barqarorlik davri davomida to‘liq tiklanadi. Shu bilan birga, tranzit jarayoni xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilgan holda, Eron Portlar va Dengiz Tashkiloti tomonidan belgilangan oldindan kelishilgan yo‘nalishlar asosida amalga oshiriladi.
Aroqchi o‘z bayonotida Hormuz bo‘g‘ozi mintaqaviy va global savdo uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, kemalar harakati bo‘yicha qarorlar xavfsizlik, barqarorlik va xalqaro majburiyatlar inobatga olingan holda qabul qilinayotganini bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi davrda yuzaga kelgan keskinlik sababli bo‘g‘oz orqali tranzit vaqtincha cheklangan edi. Yangi qaror esa tijorat yuk tashuvlari va energiya resurslari harakatini tiklashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, rasmiylar kemalar ekipajlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida IRGC dengiz kuchlari va tegishli port xizmatlari bilan muvofiqlashtirilgan tartibda harakat qilish zarurligini eslatib o‘tgan.








