AQSh va Eron muzokaralari 6 oy davom etishi mumkin — Bloomberg
Ayrim rasmiylar mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etish va yakuniy kelishuvga erishish uchun qo‘shimcha vaqt zarur, deb hisoblamoqda.

Bloomberg agentligi xabariga ko‘ra, Fors ko‘rfazi va Yevropadagi ayrim yetakchilar AQSh hamda Eron o‘rtasidagi ehtimoliy tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralar olti oygacha davom etishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Manbalarga ko‘ra, ayrim rasmiylar mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etish va yakuniy kelishuvga erishish uchun qo‘shimcha vaqt zarur, deb hisoblamoqda. Shu bois, muzokaralar jarayonini muvaffaqiyatli yakunlash maqsadida amaldagi sulh muddatini uzaytirish taklif qilinmoqda.
Qayd etilishicha, mintaqa davlatlari, shuningdek, global bozorlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Hormuz bo‘g‘ozidagi cheklovlar tez orada bekor qilinishidan manfaatdor. Tahlilchilarga ko‘ra, may oyigacha vaziyat barqarorlashmasa, energiya narxlarining oshishi va oziq-ovqat bozorlarida bosim kuchayishi mumkin.
Xabarda aytilishicha, ehtimoliy tinchlik bitimi doirasida Eronning uranni boyitish dasturi hamda uzoq masofali ballistik raketa salohiyati bo‘yicha cheklovlar muhokama qilinishi mumkin.
Shu bilan birga, Fors ko‘rfazi mamlakatlari rahbarlari harbiy harakatlarning qayta boshlanishini istamasligi va Tehron bilan muzokaralar davom ettirilishini qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlanmoqda.








