Jahon

Rossiyada Putinning reytingi ketma-ket oltinchi hafta pasaymoqda

Rossiya yetakchisiga bo‘lgan ishonch darajasi 1,8 foizga pasayib, 72 foizga tushgan.

Rossiyada Putinning reytingi ketma-ket oltinchi hafta pasaymoqda

Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi prezident Vladimir Putin faoliyatini ma’qullash darajasi ketma-ket oltinchi hafta pasayayotganini qayd etdi.

 

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, 6–12 aprel kunlari ushbu ko‘rsatkich 66,7 foizni tashkil etib, bir hafta ichida 1,1 foizga kamaygan. Shu bilan birga, Putinga bo‘lgan ishonch darajasi ham 1,8 foizga pasayib, 72 foizga tushgan.

 

Shuningdek, hukmron “Yagona Rossiya” partiyasining qo‘llab-quvvatlash darajasi 27,3 foizgacha kamaygan (–2,4 foiz punkt). Ayni paytda Davlat Dumasida vakillikka ega boshqa siyosiy kuchlar reytingi o‘sish dinamikasini ko‘rsatmoqda.

 

Xususan, “Yangi odamlar” partiyasi 12,4 foiz (+0,1 foiz), Kommunistik partiya (KPRF) 10,9 foiz (+0,6 foiz), Liberal-demokratik partiya (LDPR) 10,8 foiz (+0,3 foiz), “Adolatli Rossiya” esa 5,2 foiz (+0,3 foiz) darajasida baholangan.

 

Boshqa bir sotsiologik markaz — Public Opinion Foundation mart oyida prezident reytingi pasayganini qayd etgan bo‘lsa, aprel oyida aksincha o‘sish kuzatilganini ma’lum qilgan. 17 aprel kuni e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, respondentlarning 76 foizi Putin faoliyatini ijobiy baholagan (29 martda — 74 foiz).

 

Qayd etilishicha, so‘nggi haftalarda har ikki markaz siyosiy reytinglarni avvalgiga nisbatan kechroq e’lon qilmoqda.

 

Mutaxassislar Rossiyada Telegram messenjerining bloklanishi va ayrim hududlarda mobil internet cheklovlari reyting pasayishiga sabab bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Shuningdek, narxlarning oshishi va urushning salbiy ta’siri ham asosiy omillar qatoriga kiradi.

 

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"