Pedagoglar uchun davlat xizmatlarida 50 foizlik imtiyoz joriy etildi
Imtiyoz kadastr, sertifikat berish, apostil va boshqa xizmatlarni qamrab oladi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-son qaroriga muvofiq Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, ta’lim tashkilotlarida mehnat shartnomasi asosida pedagogik faoliyat olib borayotgan xodimlar uchun bir qator davlat xizmatlaridan foydalanishda imtiyozlar joriy etildi. Xususan, pedagoglar uchun quyidagi davlat xizmatlari bo‘yicha to‘lov miqdori xizmatlarning umumiy qiymatining 50 foizi miqdorida belgilandi:
— ko‘chmas mulk obyektlarining davlat kadastri bilan bog‘liq xizmatlar;
— muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish xizmatlari;
— umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasini aniqlash va sertifikat berish xizmatlari;
— traktorchi-mashinist guvohnomasini olish uchun imtihonga ruxsat berish xizmatlari;
— rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish xizmatlari hamda boshqa davlat xizmatlari.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar rahbarlari — direktor va direktor o‘rinbosarlari har 5 yilda bir marotaba malaka oshirish maqsadida Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etiladigan menejerlik o‘quv kurslarida ishtirok etishi belgilandi.
Bundan tashqari, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni o‘qishdan chetlashtirish, boshqa yo‘nalishga o‘tkazish hamda o‘qishni ko‘chirish tartib-taomillari ham aniq belgilab berildi.








