O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimida “Erta aralashuv” va yangi parvarish xizmatlari joriy etiladi
18 yoshdan katta chuqur aqliy zaiflik tashxisi qo‘yilgan shaxslarni parvarish qilayotgan ota-onalar uchun har oylik nafaqa joriy etiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aholini, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda sohaga oid qonunchilik bazasini takomillashtirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda so‘nggi yillarda ijtimoiy himoya tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ehtiyojmand fuqarolarga davlat ko‘magini manzilli va shaffof tarzda yetkazish, xizmatlarni raqamlashtirish hamda ularni proaktiv shaklda taqdim etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari tahlil qilindi.
Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zga parvarishiga muhtoj fuqarolar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan oilalar, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar hamda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Taqdimotda 2026-yildan boshlab ijtimoiy xizmatlar tizimida bir qator yangi mexanizmlar joriy etilishi belgilandi. Jumladan, 0–3 yoshdagi rivojlanishida nuqson aniqlangan bolalar uchun “Erta aralashuv” xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu xizmat doirasida maxsus pedagoglar va mutaxassislar tomonidan korreksion-pedagogik yordam, nutq va jismoniy rivojlantirish mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Shuningdek, ruhiy holatida buzilishlari mavjud I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Yangi kun” kunduzgi parvarish xizmati, uy sharoitida qarab turish, “Madad” uylari hamda qisqa muddatli “ijtimoiy ta’til” xizmati joriy etiladi. Mazkur xizmatlar davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilib, nodavlat sektor ham keng jalb qilinadi.
2026-yildan 8300 nafargacha ruhiy salomatlikda buzilishi bo‘lgan shaxsni yangi xizmatlar bilan qamrab olish, 600 tagacha nodavlat tashkilot va tadbirkorni sohaga jalb etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, 18 yoshdan katta chuqur aqliy zaiflik tashxisi qo‘yilgan shaxslarni parvarish qilayotgan ota-onalar uchun har oylik nafaqa joriy etiladi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari vakolatlari kengaytirilib, vasiylik va homiylik tizimi ustidan monitoring kuchaytiriladi.
“Muruvvat” internat uylari bosqichma-bosqich “G‘amxo‘rlik” markazlariga aylantirilib, ularda ijtimoiy moslashuv, kasbiy va hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan yangi yondashuv joriy etiladi.
Shuningdek, nogironlik asosida kamsitishga qarshi javobgarlikni kuchaytirish, ijtimoiy xizmatlarni yagona reyestr orqali manzilli taqdim etish, ayrim toifalar uchun transport imtiyozlarini kengaytirish hamda zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarni bandlik tizimiga tezkor jalb etish bo‘yicha yangi mexanizmlar ishlab chiqildi.
Taqdimot yakunida davlat rahbari ijtimoiy himoya tizimidagi yangi tashabbuslarni ma’qullab, tegishli qonun hujjatlarini imzoladi.








