O'zbekiston

Andijonda ayol eriga noto‘g‘ri ukol qilib, uning o‘limiga sababchi bo‘ldi

Qayd etilishicha, jalaquduqlik ayol tibbiyot kollejini qizil diplomga tamomlab, oila aʼzolariga tibbiy muolajalar ko‘rsatib kelgan. Shamollagan turmush o‘rtog‘iga antibiotik qo‘llaganidan keyin uning tili orqaga ketib qolgan.

Andijonda ayol eriga noto‘g‘ri ukol qilib, uning o‘limiga sababchi bo‘ldi

Andijonda erkak noto‘g‘ri “ukol” oqibatida vafot etdi. Zamon.uz sud hujjati bilan tanishdi.

 

 

 

 

Sud hukmiga ko‘ra, 2000 yilda tug‘ilgan ayol 2018 yilda tuman tibbiyot kollejini aʼlo baholarga bitirgan. 2023 yilda oila qurgan, qarindoshlari betob bo‘lganda o‘zi ukol qilib kelgan. 2025 yil 21iyun kuni uning turmush o‘rtog‘i shamollab qolgani va sog‘aymayotganini aytib ukol qilishni so‘ragan.

 

“Davolanish maqsadida “Seftriaksion sulbaktam” nomli ukol olib keldi. Undan bu dori vositasini ilgari olgan yoki olmaganini so‘raganimda olganligini aytdi.  Shu sababli 1 mg antibiotik “Sulbaktam” vositasini turmush o‘rtog‘imning mushagi orasiga yubordim, biroz vaqtdan so‘ng, u tashqariga chiqib ketib mazasi bo‘lmayotganini aytib meni chaqirdi. Shu vaqtda uning oldiga chiqdim, “103” qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib navbatchi shifokorga ulab berishini aytdim, lekin ular javob bermadi”- degan ayol sudda.

 

Shundan so‘ng, ayol erining tili orqaga ketayotganini ko‘rgan, qaynakasi uni qoshiq yordamida ushlab turgan hamda o‘zining mashinasida tez tibbiy yordam bo‘limiga olib borgan. Ayol yosh bolasi borligi uchun uyda qolgan. Birozdan keyin qaynakasiga qo‘ng‘iroq qilib, erining ahvolini so‘raganda, u jonlantirish bo‘limida vafot etganini bildirgan. 

 

Sudda marhumning otasi ham ko‘rsatma berib, o‘g‘li shamollab qolgani, 2-3 kun ichida sog‘aymagani tufayli antibiotik olib kelganini aytdi.

 

“21 iyun soat 23:10 larda kelinim dori vositasining taʼsirini ko‘rish uchun uni mushak orasiga jo‘natdi, 23:20 larda o‘g‘lim qizib ketayotganini aytib chaqirganini eshitdim, uning oldiga chiqqanimda,  hushsiz holatda yotganligini ko‘rdim, yana bir o‘g‘lim bilan uni tibbiyot birlashmasiga olib bordik. Shifokorlar o‘g‘limni jonlantirish bo‘limiga olganda, uning qon bosimi “0” ga tushib qolganligini aytishdi, u soat 00:30 larda vafot etdi. Ushbu holatda kelinim qasddan bunday ish qilmadi, antibiotik vositasi aks taʼsir qilishi natijasida o‘g‘lim vafot etdi, kelinimga nisbatan daʼvom yo‘q, unga yengillik so‘rayman” degan marhumning otasi.

 

Sud tibbiy ekspertizasining 2025 yil 20 iyul kungi xulosasida “Seftriaksion sulbaktam”ni chap dumba sohasidan ineksiya qilishda yuzaga kelgan anafilaktik shok natijasida  marhumda  o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, yurak epikardi va o‘pka plevrasi ostida ko‘plab nuqtasimon qon quyilishlar aniqlangan.  2026 yil 30 yanvardagi xulosada esa o‘lim  holati ineksiya qilingan dori vositasining nojo‘ya taʼsiri natijasida kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan.

 

JIB Jalaquduq tuman sudi 2026 yil 2 martdagi hukmi bilan sudlanuvchi ayolni Jinoyat Kodeksining 102-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topdi va 70-moddaga asosan uni jazodan ozod qildi.

 

Birgina ehtiyotsizlik ortidan jalaquduqlik ayolning farzandi otasiz o‘sadigan bo‘ldi. Ha, bu hammani yuragini ezadi. Lekin bundan xulosa chiqarishimiz, o‘zimizni-o‘zimiz davolashga urinmasligimiz kerak. Shu o‘rinda, shifoxonalarda noto‘g‘ri muolaja oqibatida o‘lim holatlari kuzatilayotganini ham hisobga olsak, bu faqat bizning emas, balki tizimning muammosidir.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"