Buxoroda mast haydovchi 5 yoshli bolani urib yubordi
Haydovchi boshqaruvni yo‘qotib avtomobillar bilan YTH sodir etgan.

Buxoro shahrida mast holatda transport boshqargan haydovchi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, 5 yoshli bola jabrlandi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 15-aprel kuni 1981-yilda tug‘ilgan haydovchi Chery rusumli avtomobilda Alpomish ko‘chasida harakatlanib ketayotgan vaqtda piyodalarni o‘tkazish uchun to‘xtab turgan Onix avtomobili orqa qismiga urilgan.
To‘qnashuvdan so‘ng haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, qarshi yo‘nalishda piyodalarga yo‘l berib turgan Lacetti bilan ham to‘qnashgan. Shu jarayonda u piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 2021-yilda tug‘ilgan bolani urib yuborgan.
Haydovchi harakat davomida yana bir avtomobilga zarar yetkazib, voqea joyidan yashiringan. Olib borilgan surishtiruvlar davomida uning transport vositasini spirtli ichimlik ta’sirida boshqargani aniqlandi va bu holat belgilangan tartibda rasmiylashtirildi.
Hodisa yuzasidan haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Unga nisbatan kamida 3-yilga haydovchilik huquqidan mahrum etish va bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha jarima qo‘llash mumkin.
Ayni vaqtda holat bo‘yicha tergovga qadar surishtiruv harakatlari davom etmoqda.








