Afg‘onistondagi zilzila kuchi O‘zbekistonda ham sezildi
O‘zbekistonning bir qator hududlarida 2-3 ballgacha yer silkinishlari qayd etildi.

2026-yil 18-aprel kuni soat 07:54 da Afg‘oniston hududida zilzila qayd etildi. Bu haqda Seysmoprognostik monitoring respublika markazi xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, zilzila episentri Badaxshon hududida joylashgan bo‘lib, uning magnitudasi 5,5 ni tashkil etgan. Yer silkinish o‘chog‘i 150 kilometr chuqurlikda yuzaga kelgan. Episentr Toshkent shahridan 537 kilometr janubiy-sharqda joylashgan.
Zilzila kuchi O‘zbekistonning qator hududlarida ham sezilgan. Xususan, Surxondaryo viloyatida 2-3 ball, Farg‘ona, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida 2 ballik yer silkinishlari qayd etilgan.








