Qashqadaryoda lolazorni payhon qilgan haydovchilar jarimaga tortildi
Huquqbuzarlarning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima tayinlandi.

Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida lolazor hududida avtomobillarda harakatlangan shaxslar aniqlanib, ularga nisbatan choralar ko‘rildi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda transport vositalarining lolazor hududida harakatlangani aks etgan. Holat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida huquqbuzarlar aniqlanib, ularga tegishli avtomobillar jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Mutasaddilar hisob-kitobiga ko‘ra, mazkur huquqbuzarlik natijasida tabiatga 6 million 592 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Shuningdek, uch nafar huquqbuzarning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari — 20 million 600 ming so‘mdan, jami 61 million 800 ming so‘m jarima tayinlangan.
Huquqbuzarlar belgilangan tartibda jarima va yetkazilgan zararni qoplashlari lozim.








