Farg‘onada daryo bo‘yidan 50 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari topildi
Hozirda giyohvandlik vositalariga aloqador shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.

Sirdaryo daryosining Farg‘ona viloyati Beshariq tumani hududidan o‘tuvchi qismida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari aniqlandi. Bu haqda DXX ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, davlat chegarasini qo‘riqlash va uning daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida Shodiqoziq mahalla fuqarolar yig‘ini hududida daryo qirg‘og‘ida noma’lum shaxslar tomonidan qoldirib ketilgan polietilen qoplar topilgan.
Qoplar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, ular ichida qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan giyohvandlik vositalari va dori preparatlari borligi aniqlangan. Jumladan, jami 48 o‘ramda 47 kg 113 gramm “gashish”, 15 o‘ramda 7 kg 779 gramm “opiy”, shuningdek, 10 710 dona “Lidaza” va 756 dona “Tenoksikam” dori vositalari musodara qilingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, giyohvandlik vositalariga aloqador shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.








