AQSh va Eron uchrashuvi 20-aprel kuni o‘tishi mumkin
Uchrashuv hozircha rasman tasdiqlanmagan.

AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarning navbatdagi bosqichi bo‘yicha yangi sana ma’lum qilindi.
The Wall Street Journal nashri AQSh ma’muriyatidagi yuqori lavozimli manbaga tayanib xabar berishicha, ikki tomon o‘rtasidagi uchrashuv 20-aprel kuni Pokistonda bo‘lib o‘tishi mumkin.
Qayd etilishicha, muzokaralar hozircha rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, AQSh prezidenti Donald Tramp jamoasi to‘liq tayyorgarlik holatida bo‘lib, muzokaralarda ishtirok etishga tayyor.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan dam olish kunlari ham bir nechta muloqotlar o‘tkazilgan, biroq mojaroning yakuniy yechimiga olib keluvchi muhim natijaga erishilmagan.
Avvalroq The Express Tribune Pokiston rasmiylari AQSh va Eron o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar bergan edi. Unga ko‘ra, Islomoboddagi Serena mehmonxonasi yana xorijiy delegatsiyalarni qabul qilishi mumkin.








