AQSh Lotin Amerikasiga yondashuvini o‘zgartirmasa, mintaqada qo‘zg‘olon bo‘lishi mumkin — Gustavo Petro
Kolumbiya prezidenti ayrim sanksiyalar siyosiy bosim vositasiga aylanganini ta’kidladi.

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Qo‘shma Shtatlar Lotin Amerikasi mamlakatlariga nisbatan siyosatini o‘zgartirmasa, mintaqada keskin norozilik harakatlari yuzaga kelishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Ispaniyaning El País nashriga bergan intervyusida Petro AQSh tomonidan qo‘llanilayotgan ayrim sanksiya va moliyaviy bosim mexanizmlarini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, dastlab giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash vositasi sifatida yaratilgan choralar keyinchalik siyosiy ta’sir o‘tkazish vositasiga aylangan.
Kolumbiya rahbarining fikricha, bunday mexanizmlar mustaqil siyosiy pozitsiyaga ega davlatlar va rahbarlarga nisbatan bosim sifatida ishlatilmoqda. U ayrim davlat yetakchilariga nisbatan xalqaro bosim usullarini misol qilib keltirgan.
Petro tarixiy qiyos keltirar ekan, tashqi bosim va biryoqlama siyosat o‘tmishda ham qarshilik va isyonlarga sabab bo‘lganini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Vashington Lotin Amerikasi bilan munosabatlarda tenglik, hurmat va hamkorlik tamoyillariga o‘tmasa, shunga o‘xshash jarayonlar yana takrorlanishi mumkin.
Shu bilan birga, Kolumbiya prezidenti AQSh bilan aloqalarni uzish tarafdori emasligini, aksincha, o‘zaro manfaatli va teng sheriklik asosidagi hamkorlikni yoqlashini ta’kidlagan.








