Istanbulda Turkiy davlatlar parlamentining birinchi norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Uchrashuvda Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi ishtirok etdi.

Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy davlatlar parlamenti rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv chog‘ida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida davlat rahbarlari o‘rtasida shakllangan samarali hamkorlik natijasida iqtisodiy rivojlanish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda madaniy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan qator tashabbuslar amalga oshirilayotgani qayd qilindi.
Ishtirokchilar parlamentlarning ushbu jarayondagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, qonunchilik bazasini takomillashtirish, qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan nufuzli parlament nazoratini ta’minlash orqali hamkorlikni yanada kuchaytirishda parlamentlar muhim o‘rin tutayotgani hamda xalq vakillik organlari sifatida ushbu jarayonlarni rag‘batlantirish va barqaror taraqqiyotni ta’minlashda muhim institut sifatida namoyon bo‘layotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston tomoni turkiy davlatlar o‘rtasida parlamentlararo muloqotni yanada rivojlantirish, qonunchilik faoliyatini muvofiqlashtirish, ta’lim, fan, madaniyat va iqtisodiy hamkorlik sohalarida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish hamda ilg‘or tajribalar bilan o‘zaro o‘rtoqlashishga tayyor ekanini bildirdi.








