Turkiya Isroilning BMTdagi a’zoligini to‘xtatishni taklif qildi
Parlamenti raisi Isroil siyosatini tanqid qilib, xalqaro choralar ko‘rishga chaqirdi.

Turkiya parlamenti raisi Numan Kurtulmush Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida Isroil a’zoligini vaqtincha to‘xtatib turish masalasini ko‘rib chiqishga chaqirdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
U ushbu bayonotni Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan ochilish majlisida bildirgan.
Numan Kurtulmushning ta’kidlashicha, Isroilning falastinliklarga nisbatan yuritayotgan siyosati xalqaro huquq tamoyillariga zid bo‘lib, bu holat mamlakatning xalqaro tashkilotlardagi maqomini qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi.
U, shuningdek, tarixiy tajribaga murojaat qilib, aparteid siyosati sababli Janubiy Afrikaning BMTdagi a’zoligi vaqtincha to‘xtatilganini eslatdi hamda shunga o‘xshash choralar Isroilga nisbatan ham qo‘llanishi mumkinligini qayd etdi.
Avvalroq, Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan Benyamin Netanyahuga nisbatan ham qator og‘ir ayblovlar ilgari surilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.







